Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا يَحِلُّ لَكُمْ أَن تَرِثُوا النِّسَاءَ كَرْهًا ۖ وَلَا تَعْضُلُوهُنَّ لِتَذْهَبُوا بِبَعْضِ مَا آتَيْتُمُوهُنَّ إِلَّا أَن يَأْتِينَ بِفَاحِشَةٍ مُّبَيِّنَةٍ ۚ وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ ۚ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰ أَن تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
«Ey iymon keltirganlar! Sizlarga ayollarni majburlab merosga olish halol emas. Ochiq fahsh ish qilmasalar, bergan narsalaringizning ba’zisini olish uchun ularni zo‘rlik-la ushlab turmang va ular ila ma’ruf holatda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, ajab emaski, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa» (Niso surasi, 19-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bizga ayollarga yaxshilik qilishni, ular bilan ma’ruf holatda yashashni amr qilmoqda. Alloh taoloning barcha buyruqlari qatorida, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu buyruqqa ham amal qilib yashadilar va bu borada biz ummatlari uchun go‘zal namuna bo‘ldilar.
Dunyodagi eng mard va oliyjanob inson Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
U zot alayhissalom qachon qizlari Fotima roziyallohu anho kirsalar o‘rnilaridan turib kutib olar va u kishini o‘zlariga munosib joyga o‘tqizar edilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilaringiz ahliga yaxshilaringizdir. Men ahliga yaxshingizman. Qachon sohibingiz vafo qilsa, uni tek qo‘yinglar», — dedilar».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tuyada ketayotgan ayollarni nazarda tutib, tuya yetaklovchiga «Rifqon bilqovariyr» («Ey Anjasha, ohista yur! Shishalarga ehtiyot bo‘l!») deganlar.
U zot sollallohu alayhi vasallam ayollarning ojizaligini, nozik xilqatligini hisobga olib, ularni «Shishalar» deb atamoqdalar. Shuning uchun tuyalarni ohista haydashni tayinlamoqdalar. Shisha qo‘pollik sababli singanidek, ayolning ham qo‘pol muomala sababli qalbi sinib qolishi, tuya tez yursa, ular o‘zlarini noqulay his etishlari ehtimoli bor.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ba’zi ayollari huzurida edilar. Mo‘minlarning onalaridan birlari o‘z xodimlaridan bir idishda taom solib yubordilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyida turgan (ayol) xodimning qo‘liga urdi. Idish tushib, ikkiga bo‘lindi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam idishning ikki bo‘lagini bir-biriga qo‘shib jamlab, unga taomni yig‘a boshladilar va «Onangiz rashk qildi», – dedilar. So‘ngra u Zot xizmatchini ham, idishni ham toki u Zot uyida turganning huzuridan idish keltirguncha, tutib turdilar. Bas, butun idishni singanga va singan idishni sindirganga berdilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bu hadisda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga naqadar mehribon ekanliklarini ko‘rishimiz mumkin. Oisha onamiz kundoshlari yuborgan taomning laganini urib sindirib, ovqat yerga to‘kilganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam indamasdan singan laganni birlashtirib, unga to‘kilgan taomlarni to‘plaganlar va mehmonlarga taomni uzata turib, «Onangiz rashk qildi» deganlar.
«Mehmonning oldida ham shunday qilasanmi? O‘zingni bosib olsang bo‘lmaydimi? Meni noqulay ahvolga solib qo‘yding» demaganlar.
Demak, ayolga baqirib, qo‘pol gapirib, so‘kib, kamsitib, haqorat qilish mardlik, erkaklik belgisi emas ekan. Balki, ularning nozikligini, qovurg‘aning qiyshiq joyidan yaratilganini, rashk tuyg‘usi hamma ayollarda borligini hisobga olish kerak ekan.
Shunday bo‘lgach, ayolni urib, tepib, qo‘lini qayirib, sochidan tortib, sudrab do‘pposlovchilarni kim deyish mumkin?!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:02