Bir keksa ayol hikoyasi.
«Mening uch o’g’lim bor. Kunlarning birida katta o’g’limning uyiga bordim.
Ertalab bomdod namoziga tahorat olish uchun kelinimdan suv olib kelishini so’radim. Tahorat qildim. Namozimni o’qidim. Qolgan suvni yotgan o’rnimga to’kdim. Kun yorishganda kelinimni chaqirib:
– Qizim, nima deysiz endi, qarichilik! O’rnimni ho’l qilib qo’ydim, – dedim.
Uning asablari buzildi. Eng yomon so’zlarni to’kib soldi. Menga choyshablarni yuvishni buyurdi. Boshqa bu ishni qaytarmasligimni talab qildi. Choyshablarni yuvib, quritib, dazmolladim.
So’ng o’rtancha o’g’limnikiga bordim. Ayni shu ishni takrorladim. Kelinim o’g’limga zarda bilan qilgan ishimni aytib berdi. O’g’lim unga bir og’iz so’z so’zlamadi.
Ularnikidan chiqib, kenja o’g’limning uyiga bordim. O’sha ishni yana takrorladim.
Kelinim tongda yonimga keldi. Unga ham o’rnimni ho’l qilganimni aytdim.
U:
– Oyijon, xijolatga o’rin yo’q, bu oddiy hol. Go’dakligimizda siz onalarimizning liboslaringizni ho’l qilib qo’yardik. Sizlar malollanmasdan tozalardingiz. Hechqisi yo’q, oyijon, – dedi va ko’rpa-to’shakni olib yuvib tozaladi.
So’ng unga:
– Qizim, bir dugonam mendan o’zi uchun uzuk sotib olishimni iltimos qildi. Men uning barmog’ining o’lchamini bilmayman. Uning qo’llari taxminan siznikichalik. O’lchamingiz nechchi? – deb so’radim.
O’g’limning uyidan chiqib, to’g’ri zargarlik do’koniga bordim. Bor mablag’imga uzuklar, taqinchoqlar oldim. O’zimga yarasha to’plagan pulim katta miqdorda edi.
Uyimga o’g’illarim, kelinlarimni chaqirdim. Tilla taqinchoqlarni ularning oldiga qo’ydim. Bo’lgan voqeani bayon qildim. Men ko’rpa-to’shakka bavl qilib qo’ymaganimni, sinov uchun suv to’kkanimni aytdim. Tillalarni kichik kelinimning qo’llariga tutqazib:
– Qarilik paytimda xotirjam suyanishim, birga yashashim mumkin bo’lgan qizim bu. Qolgan umrimni u bilan kechiraman, – dedim-u, ikki katta o’g’limga qarab: – xuddi shu kundagidek nadomatga tayyor turing! Chunki sizning menga munosabatingiz albatta farzandlaringizdan qaytadi. Men siz ikkingizga chiroyli tarbiya beraman deb harakat qilganim, zahmat chekkanlarim besamar ketganidan afsusdaman. Inshoolloh, sizlarning ukangiz o’z ahli ila bu dunyoda masrur yashab, Robbisiga yorug’ yuz bilan yo’liqadi. Afsuslar bo’lsinki, sizlar onangizning qadr-qiymatini ayolingizga bildira olmaganingiz uchun bundan mahrumsizlar! – dedim».
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:58:55