Ta’limda tanqidiy fikrlash kerakmi?
Odamlarning turmush tarzini yaxshilashning yagona yo‘li ilmu-fanning eng so‘nggi yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilishdir. Shundagina mehnat unumdorligining, ya’ni kishi boshiga ishlab chiqariladigan mahsulotlarning hajmi ortadi. Bu esa daromadlarning ortishiga olib keladi. Davlat budjetiga qo‘shimcha mablag‘lar tushib ijtimoiy sohaga — ta’limga, ilmu-fanning rivojlanishiga ko‘proq mablag‘ ajratishga imkon tug‘iladi. Barcha rivojlangan mamlakatlar aynan shu yo‘sinda ish tutishgan. Buyuk bobomiz Imom al-Buxoriy iboralari bilan aytganda: Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay.
Fan va texnikaning jadal taraqqiyoti ishlab chiqarishning yangi yo‘nalishlarini va bu yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatuvchi malakali mutaxassislarni tayyorlashni ham taqozo qiladi. Ularni tayyorlash va qayta tayyorlash ulkan mablag‘lar sarflanishiga olib keladi. Ushbu vaziyatda, sarflanadigan mablag‘larni kamaytirish, umuman olganda esa yangi sohalar ehtiyojlarini qondira oladigan mutaxassislarni tayyorlashning boshqa yo‘li bormi? — degan savol tug‘iladi.
• Bor, agar mutaxassisning o‘zi yangi texnologiyalarni yaratsa, bu muammoning eng maqbul yechimi bo‘lardi. Buning uchun ular qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari kerak?
• Ulkan ma’lumotlar oqimidan eng dolzarblarini ajrata bilish va unga aloqador bilimlarni egallash;
• Egallagan bilimlariga tayanib eng muhim muammolarni ajrata bilish;
• Mavjud bilimlarini yangi vaziyatga qo‘llay olish;
• Muammolarning yechimlarini topib-ularni ishlab chiqarishga tadbiq eta olishlari kerak. Bunday talablarga javob beradiganlarga «ijodiy fikrlovchi» mutaxassislar deyiladi.
Ijodiy fikrlovchi mutaxassislar nafaqat ishlab chiqarish texnologiyalarining doimiy ravishda yangilanib turishiga tayyor turmasdan, balki vujudga keladigan muammolarni aniqlab ularni yechishdan ruhiy qoniqish ham oladilar.
Inson faoliyatining barcha sohalarida, -xoh u ishlab chiqarish bo‘lsin, xoh madaniyat va san’at, xoh ilmiy yoki pedagogik faoliyat bo‘lsin “ijodiy faoliyat” yuqori baholanadi va rag‘batlantiriladi. Chunki u har qanday faoliyat samaradorligining ortishiga olib keladi. Shuning uchun ham «ijodiy faoliyat» bilan shug‘ullanuvchi, ya’ni «ijodiy fikrlash» ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar doimo yuqori baholanib kelingan. Hozirgi paytda esa ularning «bahosi» yanada ortmoqda. «Ijodiy fikrlash»ni o‘rgatish esa ta’lim jarayonida amalga oshiriladi.
«Ijodiy fikrlash» ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ta’lim jarayonini tashkil etish prinsiplariga ham o‘zgartirishlar kiritish kerak. Endi ta’lim beruvchi na faqat ma’lumotlar berish bilan shug‘ullanib qolmasdan o‘quvchilarga «ijodiy fikrlash» usullarini o‘rgata olishi, o‘zi ham «ijodiy fikrlash» ko‘nikmalariga, ta’lim oluvchi esa «ijodiy fikrlash» usullarini o‘rganishga tayyor, tegishli motivatsiyaga ega bo‘lishlari lozim. Bularning hammasi ta’limga yangi didaktik tizim — «ijodiy fikrlashni shakllantirish pedagogik texnologiyalari», ya’ni ta’limning yangi uslublarini joriy qilishini taqozo etadi. O‘quv rejalari yangi bilimlarni hisobga oladigan, ta’lim sistemasi esa o‘zgarib turadigan ehtiyojlarga moslashadigan bo‘lishi kerak. Bu tizimning asosini o‘quvchilarga o‘qish, yozish, suzish, velosepedda uchishni o‘rgatishda foydalaniladigan usullar kabi, «ijodiy fikrlash» ni o‘rgatish usullari tashkil qiladi. Ularni bolalarda «ijodiy fikrlash» ni shakllantirish mumkin bo‘lgan besh yoshdan boshlab to umrining oxirigacha qo‘llash mumkin.
Shunday qilib «ijodiy fikrlashni shakllantirish pedagogik texnologiyalari» didaktik tizimining asosiy elementlari jumladan: ta’lim beruvchi, ta’lim oluvchi, ta’lim maqsadi va mazmuni, kutilayotgan natijalar haqida ma’lum tasavvurlarga ega bo‘ldik. Lekin ta’lim tizimining eng asosiy elementi «ta’lim metodlariga» to‘xtalmadik. Hozirgi ta’lim tizimining eng katta kamchiligi ham aynan shu sohadagi oqsoqlikdir. Qilinadigan harakatlar boshqa mamlakatlardagi ta’lim elementlarini ko‘r-ko‘rona ko‘chirish, o‘quvchilardagi psixofiziologik holatlarni e’tiborga olmaslik oqibatida kutilmagan natijalar bermoqda. Yoshlarning bunday ters xarakterga egaliklari, hattoki oliy ma’lumotli, ba’zida esa ilmiy darajali mutaxassislarning «ijodiy faoliyatga» layoqatsizliklarining sababi nimada? Nega ular doimo turli tuman vajlar topishga, kamchiliklar izlashga moyil? Va nihoyat nega biz bir-birimizga tabassum bilan qarash o‘rniga yov qarash bilan razm solishni, yaxshi xususiyatlarni ko‘rish o‘rniga kamchiliklarni topishni afzal ko‘ramiz? Bularning hammasi zamirida ta’lim tizimi va noto‘g‘ri tanlangan ta’lim uslublari yotadi. Chunki ular shunday o‘qitilgan. Natijada qozonda nima bo‘lsa cho‘michda ham shu chiqadi. Jamiyatni o‘zgartirishni aynan shu ta’lim uslublarini o‘zgartirishdan boshlamoq kerak.
Quyida bu haqda fikr yuritamiz.
Dastlab fikrlashning o‘zi nimaligini tahlil qilaylik.
Fikr inson tomonidan tug‘diriladi va uning kuchi g‘oyat katta. Fikr-energiyaning universal shakli. U yaratuvchi ham vayron qiluvchi ham bo‘lishi mumkin. Fikr moddiy olamda moddiylashadi, ya’ni yuzaga chiqadi.
«Fikrlash»-biror muammo haqida muayyan bir xulosaga kelish maqsadida mulohaza yuritmoq yoki o‘ylamoqdan iborat bo‘lgan psixologik jarayondir.
Eramizdan 400-300 yil oldin yashashgan fikrlash asoschilari Suqrot, Pluton va Aristotellardan quyidagi – analiz, mulohoza yuritish va tanqiddan iborat analitik fikrlash sistemasi qolgan.
Analitik fikrlashni o‘rganishning eng maqbul usullari-matematik, fizik masalalar, krossvordlar, rebuslarni yechish, ba’zi kompyuter o‘yinlari bilan shug‘ullanish, badiiy adabiyotlar o‘qish, detektiv adabiyotlarni o‘qiganda va detektiv filmlarini ko‘rganda o‘zini izquvar o‘rniga qo‘yib mulohazalar yuritish va hakozolardir.
Shuningdek Suqroti hakimdan tanqidiy fikrlash ham meros qolgan. U o‘z mulohazalarida nima noto‘g‘riligini ko‘rsatishga uringan. «Agar sho‘rvaning ko‘pigi olib tashlansa u toza bo‘ladi» qabilida ish tutgan. Boshqacha aytganda barcha noto‘g‘rilar olib tashlansa to‘g‘ri, ya’ni haqiqat qoladi deb hisoblagan.  Lekin ko‘pik bilan birga yana allaqancha «mahsulotlar» tashlanayotganligiga e’tibor bermagan. Suqrot yangi g‘oyani taklif qilishdan ko‘ra nima «yomonligini» ko‘rsatishni muhim deb bilgan.
Tanqid (kritika (lot)-hukm qilish mahorati) – inson faoliyatining biror sohasiga aloqador hodisani baholash, analiz qilish. U xatolarni topish va muhokama qilishdan iboratdir. Tanqid-nimaningdir yoki kimningdir kamchiliklarni baholash, nima yoki kimdir haqida salbiy fikr yuritishdir. O‘zgalarni tanqid qilish qaralayotgan muammoga ularning munosabatini o‘ziniki bilan mos kelishini istashdir. Bu esa odatda man-manlikka olib keladi. Boshqalar ham shu ruhda tarbiyalanganliklari uchun tanqidchining fikrlarini qabul qilishni istashmaydi. Demak, tanqid o‘zgalarning axborot-energetik olamiga tajovuzdir.
Tanqidiy fikrlash – narsalar va hodisalarni analiz qilib asosli xulosalar chiqarish maqsadidagi mulohazalar sistemasi bo‘lib, u tanqidiy baholash xarakteriga ega. Ya’ni u tanqidga tayangan analitik fikrlashdir.
Demak tanqidiy fikrlash maqbul yechimni topishning yaxshi usullaridan biri bo‘lsa-da, undan doimo foydalanish maqsadga muvofiq emas. Odam o‘zini doimo to‘g‘ri deb hisoblamasligi kerak. Garchi bu rohat bag‘ishlasa-da, u   boshqa nuqtai nazarlarga e’tibor bermasligimizga olib keladi. Barcha qarorlarni qabul qilish uchun ham tanqidiy fikrlash zarur bo‘lavermaydi. Ko‘pincha tanqidiy fikrlashdan ko‘ra «ijodiy fikrlash» elementlarini qo‘llagan ma’qul.
«Ijodiy fikrlash» — muammoning yechimini topish maqsadida yangi narsani yaratish maqsadidagi fikrlashdir.
Ta’limda ijodiy fikrlash-mavzuning ma’nosini tushunishga yo‘naltirilgan, o‘quvchilarning yangi g‘oyaga, xulosaga kelishini ta’minlaydigan fikrlash.
Fikrlash narsalarning yaxshi tomoni va ularni yanada yaxshilashga qaratilgan bo‘lmog‘i kerak. Shu nuqtai nazardan «tanqidiy fikrlash» fikrlashning eng yaxshi usuli bo‘lmay ta’lim jarayonida unga ortiqcha e’tibor berish maqsadga muvofiq emas. O‘quvchilarga har qanday vaziyatda ham voqeaning ijodiy tomonlarni topishga o‘rgatish kerak. Ular ba’zan aniq, ba’zan esa ong ostida yashirin bo‘ladilar.
Hozirgi paytda adabiyotlarda «ijodiy fikrlash» ga alternativ sifatida «kreativ fikrlash» iborasi ham ishlatiladi. «Kreative» — inglizcha so‘z bo‘lib – yaratmoq, ijod qilmoq degan ma’noni anglatadi va shaxs faoliyatini ifodalaydi.  Kreativlilk-ijodkorlik qobiliyati. Kreativ fikrlash (ijodiy fikrlash)- g‘ayrioddiy g‘oyalarga tayanib muammoning yechimini topish maqsadidagi fikrlash. Kundalik hayotda kreativlik-chorasiz holatlarda maqsadga erishish, muammoga yechim topa olish layoqatini ko‘rsatadi. Hozir u ikkita: yangilik va manfaat berish ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
Psixologlarning fikrlaricha ong va tana o‘zida bor-yo‘g‘i 1-5 foiz axborotni tashiydi. Asosiy axborot «ong osti» deyilguvchi axborot-energetik tizimda saqlanadi. Unga ota-onadan «me’ros qilib olingan» (DNKlar orqali o‘tgan) va hayot davomida idrok qilingan ma’lumotlar mavjud. Ular insonning kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatuvchi omillardir (fol ko‘rish va kelajakni oldindan ko‘ra bilish ham shu bilan izohlanadi).
Ong osti aqlimiz ongimiz yashaydigan olam modelini yaratadi. Tashqi olamda bo‘ladigan barcha voqea va hodisalar shu olam qonunlariga muvofiq talqin qilinadi. Boshqacha aytganda ongimiz ong osti aqlimiz taqdim qiladigan voqealarning kuzatuvchisi va baholovchisi rolini bajaradi, xolos. Ong ong osti aqlimizdan doimo orqada bo‘ladi. Aynan shu holat insonga yaratuvchi, sehrgar bo‘lish imkonini beradi. U miya, asab tizimi orqali organizmda ro‘y beradigan barcha o‘zgarishlar ustidan nazorat qiladi.
Har lahzada bizga ulkan axborot oqimi keladi. Ong osti aqlimiz ularning ong osti dasturimizga mos keladiganlarinigina taqdim etadi. Mos kelmaganlarini esa taqdim etmaydi. Inson idrok qilishning ongli chegaralariga ega. Bu chegaralar bizning sezgi organlarimizning imkoniyatlar bilan bog‘liq. Ong osti bilan idrok qilish va bilish imkoniyatlari esa cheksizdir. Ong osti aysbergning suv ostidagi qismiga o‘xshaydi. U ongdan ancha katta va ko‘zdan yashirin. Shuning uchun ham o‘quvchilarga ong ostidan foydalanishni o‘rgatmoq lozim.
Bolalikda qattiq taassurot qoldirgan voqea ong ostida shu payt nuqtai nazaridan saqlab qolinadi va kelgusi hayotga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek xotira ham ong osti qaramog‘ida bo‘ladi. Unda sensor kanallari orqali keladigan ma’lumotlar (hayotimiz haqidagi film) «suratga olinib» saqlanadi. Bu «filmlar» ma’lum voqealar ta’sirida tiklanishi mumkin. Ong va ong osti o‘rtasida muvofiqlik, uyg‘unlik bo‘lishi lozim.
Shunday ekan ta’lim jarayonida o‘quvchilarga ko‘proq «ijodiy fikrlash» usullarini o‘rgatish kerak. Aynan shu usullar ularning ong ostida joylashib, idrok qilinadigan barcha ma’lumotlar shu ichki olam ta’sirida talqin qilinadi. Natijada ular ulkan energiyaga ega fikrlash imkoniyatlarini yangiliklarni yaratishga yo‘naltiradilar. Hozirgi paytda jamiyatda «ijodiy fikrlash» layoqatlariga ega mutaxassislar yetishmasligining asosiy sababi ham aynan ta’lim jarayonidagi ana shu kamchiliklardadir.
«Tanqidiy fikrlash» ruhida ta’lim olganlarning ong ostida esa ma’lumotlardan kamchiliklar izlash ruhiyati hukmron bo‘lib, ularda idrok ma’lumotlarni «ijodiy fikrlash» nuqtai nazaridan talqin qilish ko‘nikmasi yetishmaydi. Bu esa jamiyatdagi mavjud muammolarning asosiy sababidir. Shuning uchun ta’lim tizimidan «tanqidiy fikrlash» degan tushunchani olib tashlash kerak. U shu soha mutaxassislariga maxsus kurslarda o‘qitilishi mumkin. Lekin barcha ta’lim oluvchilar uchun uning mutloqo keragi yo‘q.
Farzandlarimizda har bir ko‘rilayotgan muammo, har bir qilinadigan ish, ma’ruza, suhbat va hakozolarda ijodiylik, har bir suhbatdoshda ijodiy xususiyatni ko‘rishni istasak ularni yosh bolaligidan boshlab «ijodiy fikrlashga» o‘rgatishimiz lozim. Istiqbolga erishmoqning o‘zga yo‘li yo‘q.
Abduqahhor G‘ANIYEV,
Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent,
Nizomiy nomidagi TDPU Shahrisabz filiali direktori
Источник: edu.uz

Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:50:38
2019-2020 o’quv yili uchun to’lov-kontrakt miqdorlari (jadval) 2019-2020 o’quv yili uchun to’lov-kontrakt miqdorlari (jadval)
Qabul 2021 OTMga hujjat topshirish DTM statistikasi 15-iyul Qabul 2021 OTMga hujjat topshirish DTM statistikasi 15-iyul
Farzandini maktabga yuborayotgan ota-onalarga tavsiyalar Farzandini maktabga yuborayotgan ota-onalarga tavsiyalar
Qozog‘iston maktablari besh kunlik formatga o‘tadi Qozog‘iston maktablari besh kunlik formatga o‘tadi
13-sentabr DTM test natijalari e’lon qilindi 13-sentabr DTM test natijalari e’lon qilindi
Keyingi o’quv yilidan maktab bitiruv imtihonlari OTM imtihonlari bilan birlashtirilishi mumkin Keyingi o’quv yilidan maktab bitiruv imtihonlari OTM imtihonlari bilan birlashtirilishi mumkin
Biologiya milliy sertifikat test savollari javobi bilan Biologiya milliy sertifikat test savollari javobi bilan
Farzandimga maktub (audio va matn shaklida) Farzandimga maktub (audio va matn shaklida)
5-sinf adabiyot audio kitobi, to’liq va sifatli 5-sinf adabiyot audio kitobi, to’liq va sifatli
Raqamlar haqida she’rlar to’plami Raqamlar haqida she’rlar to’plami
28-sentabr onlayn maktab darslari barcha videolar (1-11 sinf) 28-sentabr onlayn maktab darslari barcha videolar (1-11 sinf)
Adiblarni qanchalik taniysiz? Suratli onlayn sinov Adiblarni qanchalik taniysiz? Suratli onlayn sinov
1-3-sinf Ona tili va o‘qish savodxonligi ish reja 2022-2023 taqvimiy mavzu rejalar 1-3-sinf Ona tili va o‘qish savodxonligi ish reja 2022-2023 taqvimiy mavzu rejalar
DTM Qo'shimcha test sinovlari qachon bo'lishi ma'lum bo'ldi DTM Qo'shimcha test sinovlari qachon bo'lishi ma'lum bo'ldi
“Topqir bolajon” Bolalar uchun topshiriqlar to’plami “Topqir bolajon” Bolalar uchun topshiriqlar to’plami
Mustaqilligimizning 1 yillik bayrami videosi (motivatsiya uchun) Mustaqilligimizning 1 yillik bayrami videosi (motivatsiya uchun)
2022-2023 Magistraturaga onlayn hujjat topshirish tartibi. magistr.edu.uz 2022-2023 Magistraturaga onlayn hujjat topshirish tartibi. magistr.edu.uz
Tojik tili va adabiyoti fanidan imtihon savollari 2022 9-11-sinf Tojik tili va adabiyoti fanidan imtihon savollari 2022 9-11-sinf
Karantinda vaqtdan unumli foydalanish uchun 100 ta go'ya Karantinda vaqtdan unumli foydalanish uchun 100 ta go'ya
Pandemiya sharoitida o‘quv markazlar faoliyati qay tartibda tashkil etiladi? Pandemiya sharoitida o‘quv markazlar faoliyati qay tartibda tashkil etiladi?