Sentyabr oyidan yangi o‘quv yili boshlandi. O‘quvchilar ota-onalari yordamida ular bilan maslahatlashib onlayn yoki an’anaviy tarzida ta’lim olishni davom ettirmoqda.
Ammo ko‘chaga chiqsangiz avtobuslarda konduktorlik qilayotgan maktab o‘quvchilariga ko‘zimiz tushadi. Soatga qarasam ayni onlayn darslar vaqti, bu bola qachon darsni kuzatadi, qachon bajarib ustoziga internet orqali yuborarkin? Axir bu bola ertalabdan to qorong‘u tushguncha avtobusda bo‘lsa. Shu savollarga javobni o‘zidan bilish uchun bolakayni suhbatga tortdim.
— Maktab o‘quvchisi bo‘lsang, ish og‘ir emasmi?
— Yo‘q, oson-ku.
Bola ko‘rinishidan 5 — 6 sinf o‘quvchisiga o‘xshardi.
— Maktabda o‘qishing nima bo‘ldi?
— Qo‘ysangiz-chi shu maktabni, — deb qo‘lini siltab qo‘ydi. — Uyga vazifani bajarganim yo‘q, qiziqmadim ham.
Afsuski, maktab yoshidagi bolalar faqat avtobuslarda emas, boshqa joylarda ham ishlayotganini kuzatish mumkin. Bozorlar, sartaroshxona, yana boshqa turli xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida darslar qolib, pul ishlayotgan bolalarni uchratasiz.
Sartaroshxonada ishlayotgan shunday bolalardan birini suhbatga chorladim.
— Maktabga boryapsanmi?
— Yo‘q, onlayn o‘qiyapman.
— Ishda bo‘lsang, hozir darslaring efirga uzatilmoqda. Qanday o‘qiyapsan?
— Darsni ko‘rmayapman, vaqtim yo‘q, kuni bo‘yi ishdaman.
— Uyga vazifa bajarmayapsanmi?
— Uyga vazifani bajarishga ulgurmayapman, uyga ishdan charchab boraman, uxlab qolaman.
— Hali yoshsan, hatto 10-sinf ham emassan. Nima qilasan ishlab yoki oilangiz qiynalib qolganmi?
— Pulga muhtojligim yo‘q. Uyda bekor o‘tirmaslik uchun ishlayapman.
— Mualliming uyga vazifa so‘ramaydimi?
— So‘raydi. Wi Fi ishlamayapti, svet yo‘q deb aldayman yoki darslarni bajardim daftarimni topolmayapman, topsam yuboraman deb aytaman. Oldin sinfda a’lochi bo‘lganim uchun ustozim gapimga ishonadi.
Bu bola a’lochi o‘quvchilardan ekan. Qizik, ularki darsga shunday munosabatda bo‘lsa, boshqalardan nima kutish mumkin? Qolaversa, uning maktabga, ustozga munosabatini ko‘rib hayratingiz oshadi.
Munisa ShAMSIYeVA.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:49:42