GRUNTLAR MEXANIKASI

GRUNTLAR MEXANIKASI — mexanikaning bir boʻlimi; sochiluvchan muhitlarga doir ilmiy fan sohasi. Gruntlarning zoʻriqqan-deformatsiyalangan holatini, mustahkamligi va ustuvorligi shartlarini, tashqi (asosan, mexanik) taʼsirlar ostida xossalarini oʻzgartirishi va b. ni oʻrganish bilan shugʻullanadi. Gruntlar mexanikasida olingan natijalardan binolar, sanoat va gidrotexnika inshootlarining zaminlari va poydevorlarini loyihalashda, yoʻl qurilishi va aerodromlar qurilishida, yerosti kabellari va quvurlarini oʻtkazishda, qurilish va sanoat ehtiyojlari uchun portlatuv ishlari olib borilishi va zilzilalar tufayli inshootlarga qanday zarar yetishi mumkinligini oldindan aytishda foydalaniladi. Bunda Gruntlar mexanikasi muhandislik geologiyasi, muhandislik gidrogeologiyasi, yaxlit muhitlar mexanikasi, sochiluvchan muhitlar mexanikasi, elastiklik, plastiklik va yoyiluvchanlik nazariyalari, sochiluvchan muhit statistikasi maʼlumotlaridan foydalanadi.