GOLLANDLAR

GOLLANDLAR (oʻzlarini xolanders deb atashadi) — xalq, Niderlandiyaning asosiy aholisi (12,3 mln. kishi). Umumiy soni — 14 mln. dan ortiq kishi (1990-y. lar oʻrtalari). Niderland tilida soʻzlashadi. Dindorlari asosan protestantlar (kalvinistlar, mennonitlar), katoliklar.

Hoz. Gollandiya hududida mil. av. 1-ming yillikning 2-yarmida, asosan, keltlar yashagan. Mil. boshlarida bu yerlarga german qabilalaridan frizlar va batavlar koʻchib kelgan. Rim imperiyasi bosqini davrida (mil. av. 1-a. — mil. 4-a.) sakslar va franklar (3—4-a. lar) kelib frizlar va batavlar bilan aralashib ketganlar. Mana shu qabilalar negizida tarqoq viloyatlarning uyushuvi 14—15-a. larda golland elatini shakllanishiga olib kelgan, bu hudud esa Niderlandiya deb nomlana boshlagan. Ispaniya hukmronligiga qarshi 16-a. da Niderlandiya olib borgan milliy ozodlik kurashi Gollandlarning milliy jihatdan jipelashishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Gollandlar millatining shakllanishi 18-a. ga kelib tugallangan. Gollandlarning aksariyati shaharlarda sanoat, savdo, shuningdek, xizmat koʻrsatish sohasida ishlaydilar. Q. x. da, asosan, chorvachilik, gulchilik, dengiz boʻylarida baliqchilik bilan shugʻullanadilar. Bogʻdorchilik va gulchilik soxasida Gollandlar jahonga mashhurdirlar.