GIDROPONIKA

GIDROPONIKA (gidro… va yun. ponos — mehnat, ishlash) — oʻsimlikni tuproqsiz, sunʼiy muhitda oʻstirish. Gidroponikaning bir necha usuli bor. Oʻsimlikni mayda shagʻal yoki qumda oʻstirish usuli koʻproq qoʻllaniladi. Shagʻal yoki qum solish uchun chuq. 25—30 sm, eni 80 sm va uz. 240 sm li yassi oxur tayyorlanadi, ichiga oziq moddalar aralashtirilgan suv kelib turishi uchun teshikli quvurchalar oʻrnatiladi. Quvurchalarning teshiklari berkilib qolmasligi uchun usti sim toʻr b-n qoplanadi. Oxur shagal yoki toza qum b-n toʻldiriladi. Urugʻ kumga ekiladi. Keyin yilning fasliga, oʻsimlikning yoshi va xiliga, eritmaning xususiyatiga qarab kuniga 1—5-marta oziq aralashmasi beriladi. Aralashmani berish 30—50 daqiqa davom etadi. Aralashma konsentratsiyasi vaqt-vaqti bilan tekshirilib, yangilab turiladi. Shagʻal va qum bir necha yilgacha almashtirilmaydi. Gidroponika usulida, asosan, sabzavot, gul, rezavor meva, chorva mollari va parrandalar uchun servitamin koʻkatlar oʻstiriladi. Bu yoʻl bilan yiliga 4—5-marta hosil olish mumkin. Oziq aralashmasida oʻsimlik uchun zarur hamma moddalar (azot, fosfor, kaliy, kalsiy, magniy, oltingugurt, temir, marganes, bor, mis, rux, molibden, kobalt va b.) boʻlishi shart. Ularning nisbati yilning fasliga, oʻsimlik xili va yoshiga qarab oʻzgartirib turiladi.

Rixsivoy Joʻrayev.