GYOTE (Goethe) Yoxann Volfgang (1749.28.8, Frankfurtmayn — 1832.22.3, Veymar) — nemis yozuvchisi va mutafakkiri. Yangi davr nemis adabiyotining asoschisi. Ijodi 18-a. ning 70—80-y.
lari Germaniyada mavjud boʻlgan «Boʻron va hujum» adabiy harakatida ishtirok etishdan boshlangan. Shu davrda Gyote «Ges fon Berlixingen» (1773), «Prometey» (1773) kabi dramalar va lirik sheʼrlar yaratdi. Gyote adabiy faoliyatining ilk davriga mansub «Yosh Verterning iztiroblari» (1774) romani oʻsha davr nemis adabiyotida katta voqea boʻldi. Asarda ilgʻor nemis yoshlar avlodining ijtimoiy fojiasi oʻz aksini topgan. 1786—88 y. larda G. Italiyaga safar qiladi. Shu davrda u «Ifigeniya Tavridda» (1779 — 81), «Egmont» (1788), «Torkvato Tasso» (1780— 89) kabi dramalar yozadi. «Sheʼriyat va haqiqat» avtobiografik kitobi (1811— 33), «Vilxelm Maysterning oʻqish yillari» (1793—96), «Vilxelm Maysterning darbadarlik yillari» (1821— 29) romanlarida inson bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabat masalasi aks etgan.
Gyote Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, adabiyotini chuqur oʻrganadi, Firdavsiy, Farididdin Attor, Rumiy, Nizomiy, Saʼdiy, Hofiz, Jomiy kabi shoirlar ijodi bilan tanishadi. Bu paytda Ibn Sino, Ulugʻbek, Alisher Navoiy ijodlaridan namunalar nemis tiliga tarjima qilingan edi. Gyote «Magʻribu mashriq devoni»ni (1814—19) Sharq sheʼriyatidan ilhomlanib yozgan. Devon «Mugʻanniynoma», «Hofiznoma», «Ishqnoma», «Tafriqnoma», «Ranjnoma», «Hikmatnoma», «Zulayxonoma», «Temurnoma», «Soqiynoma», «Matalnoma», «Forsiynoma», «Xuldnoma» kabi 12 boʻlimdan iborat. Devonda «bulbul», «hur», «fatvo», «mugʻanniy», «mufti», «tilsim», «mirzo», «darvesh» kabi soʻzlarni asliyatda qoʻllaydi. Gyotening «Faust» fojiasi (1768—1832) jahon adabiyotidagi shoh asarlardan hisoblanadi. Bu asar G. ning butun ijodiy faoliyati davomidagi izlanishlarining samarasi boʻldi.
Gyote falsafa, huquqshunoslik, botanika, geol., geodeziya sohalariga oid asarlar ham yaratgan.
Gyote sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish 20-a. ning yigirmanchi yillaridan boshlangan (Choʻlpon, Oybek, Shayx-zoda va b.). Keyinchalik Gyotening «Faust» (Erkin Voxidov tarjimasi, 1972—75), «Magʻribu mashriq devoni» (S. Salim Buxoriy tarjimasi, 1985—90), «Yosh Verterning iztiroblari» (Ya. Egamova tarjimasi, 1975) kabi asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan.
Gyote ijodi haqida oʻzbek adabiyotshunos va tanqidchilari (V. Zohidov, I. Gʻafurov, O. Olloberganov, Ya. Egamova, Poshali Usmon ugli va b.) adabiy-tanqidiy makrlalar yozishgan. Germaniyaning maʼrifiy-madaniy tadqiqotlar olib boruvchi nufuzli markazi Gyote nomi bilan ataladi. Gyote in-tining filiallari jahonning 78 mamlakatida, shu jumladan Toshkentda ham faoliyat koʻrsatmoqda (1998-y. dan).
As: Faust, 1 — 2-kitob, T., 1972—1975; Yosh Verterning iztiroblari (roman), T., 1975; «Magʻribu mashriq devoni», T., 1998.