GEMMA

GEMMA (lot. gemma — qimmatbaho tosh, dur) — oʻyma tasvirli sayqallangan javohirlar, gliptika asari. Tasvir tekis yuzadan chuqurlashtirib oʻyib ishlanadigan (intaliya) va zaminni oʻyib boʻrtma tasvir hosil qilinadigan (kameya) turi farqlanadi. Qadimda va oʻrta asrlarda Gemmaning tumor, uzuk koʻzi va b. alohida muhr vazifasini oʻtovchi turi (intaliya) keng tarqalgan. U bilan maktub, hujjat, buyruqlar muhrlangan. Gemmada koʻpincha hayvon, odam tasvirlari, ramziy belgilar va yozuvlar oʻyib ishlangan. Hozir Gemma toʻgʻnogʻich, kulonlarda ishlatiladi, uzukka oʻrnatiladi.