GVOZDIKOV Aleksandr Vasilyevich

GVOZDIKOV Aleksandr Vasilyevich (1903, hoz. RF Volgograd viloyati — 1973, Toshkent) — oʻrmonshunos, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1970), prof. (1969). Saratov q. x. in-tini tamomlagan (1929). Surxondaryo okrugida oʻrmon melioratsiya partiyasi boshligʻi va okrug oʻrmon melioratori (1929—36), Oʻzbekistan oʻrmon xoʻjaligi va agrooʻrmon melioratsiyasi i. t. in-tida sektor mudiri (1936—41). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—46). 1946-y. dan Toshkent qishloq xoʻjaligi in-ti oʻrmonchilik va oʻrmon melioratsiyasi kafedrasi mudiri. Ilmiy ishlari Oʻrta Osiyo sharoitlarida oʻrmonchilik, agrooʻrmon melioratsiyasi, qumlarni mustahkamlash va b. masalalarga bagʻishlangan.