GASPRINSKIY

GASPRINSKIY (Gaspralik) Ismoilbek (1851.21.3, Boqchasaroy yaqinidagi Ajikoʻy qishlogʻi —1914.11.9, Boqchasaroy) — jadidchshshk harakatining asoschisi, yozuvchi va publitsist. Gasprinskiyning otasi Mustafo Gasprinskiy Rossiya harbiy dvoryani (praporshchik) boʻlib, Yalta sh. yaqinidagi Gaspra qishlogʻidan edi. Gasprinskiy qishloq musulmon maktabi, Oqmachit (hoz. Simferopol) gimnaziyasi va Voronejda, Moskva kadetlik korpusida oʻqidi (1864—67). Qrimga qaytgach, rus tili oʻqituvchisi boʻlib ishladi (1867—70). Istanbul va Sorbonna (Parij) un-tlarida oʻqidi (1871—75). Jazoir, Tunis, Misr, Gretsiyada boʻldi. Parijda fransuz sotsialistlari va liberallariga yaqinlashdi. Turkiyada Yosh turklar harakati rahbarlari b-n tanishdi (1875—77). Boq-chasaroy sh. meri qilibsaylandi(1877). Gasprinskiy turkiy xalklar tarixi va adabiyotini oʻrganib, Sharq bilan Gʻarb olamini taqqoslash imkoniyatiga ega boʻldi. Gasprinskiy «Rusiya musulmonligi» (Simferopol, 1881) ilk risolasida Yevropa sivilizatsiyasidan koʻr-koʻrona andoza olishga qarshi chiqib, uni tanqidiy qabul qilishga, musulmonlarni ilm-fanni egallashga, texnika yutuqlaridan foydalanishga daʼvat etdi. «Ovrupo madaniyatiga bir nazar muvozini» (Istan-bul, 1885) asarida esa sotsializm gʻoyalari bilan bahsga kirishib, uning asosiy tamoyillarini shubha ostiga oldi. G. Rossiya mustamlakasidagi barcha musulmon xalqlar maorifini tubdan isloh qilish, dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasiga alohida eʼtibor berdi. Boqchasaroyda dastlabki «usuli jadid» (yangi usul) maktabini ochdi (1884). Turkiston general-gubernatori N. O. Rozenbaxga musulmon maktablarini isloh qilishga doir loyihasini yubordi. Rad javobini olgach, 1893-y. Turkistonga oʻzi keldi, Buxoro, Samarkand, Toshkentda boʻlib, taraqqiyparvar ziyolilar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Gasprinskiy jadidchilik gʻoyalarini kengroq yoyish uchun «Tarjimon» (1883-y. 10 alr. dan), «Millat» (1908), «Bolalar olami» (1908—15), «Uygʻonish» (Qohira, 1908, arab tilida) gaz. lari, «Ayollar olami» jur. (1908—10), «Xa-xa-xa!» hajviy haftanomasini chiqardi. Jadid maktablari uchun «Xoʻjai sibyon» («Bolalar muallimi») darsligini, «Rahbari muallimin yoki muallimlarga yoʻldosh» (1898) kitobini yozdi.

Gasprinskiy musulmon milliy ozodlik harakatining yoʻlboshchisi sifatida tanildi. U Kavkaz, Volgaboʻyi, Misr va Hindistonga borib, umummusulmonlar qurultoyini chaqirishga harakat qildi. Butun Rossiya musulmonlari 3 ta kongressi ishida faol qatnashdi (1905—06). Dastlabki umummusulmon siyosiy partiyasi «Ittifoq ul-muslimin»ni tuzish tashabbuskorlaridan biri boʻldi (1906). «Dor ul-rohat musulmonlari» ilmiyfantastik asari, «Yuz yildan soʻng. 2000sana» badiiy-publitsistik romani, «Turkiston ulamosi» kitobining muallifi.

Ad.: Qosimov B.. Ismoilbek Gasprali, T., 1992.

Qahramon Rajabov.