GANG

GANG, Ganga — Hindiston va Bangladeshdagi dare. Uz. 2700 km, havzasining mayd. 1120 ming km2, Brahmaputra bilan birgalikda 2055 ming km2. Himolay togʻlarida 4500 m dan ham balandroq joylardan, irmoqdari Bhagirathi va Alaknandaning qoʻshilishidan boshlanadi. Irmoqlar qoʻshilgach, G. Himolay togʻlarining chuqur daralaridan oqadi. Hind okeanining Bengaliya qoʻltigʻiga quyiladi. Quyilish yerida Brahmaputra b-n qoʻshilib, juda katta (100 ming km2) delta hosil qiladi. Eng yirik irmoqlari: oʻngdan — Jamna, Soʻn, Damodar, chapdan — Gomati, Ghaghra, Gandak, Bagmati, Ghugri, Mahananda. Yuqori qismi togʻlardan, quyi oqimi keng Hindgang tekisligidan oqib oʻtadi. Oʻzanining kengligi 400—600 m, quyi oqimida 2 km, koʻpdan-koʻp shoxobcha, kanal, qoldiq oʻzanlar bor, baʼzan botqoqliklar uchraydi. Toʻyinishi turlicha: baland togʻlardagi qor, Himolay togʻlaridagi muzlik va quyi qismi musson yogʻinidan suv oladi. May—sent. oʻrtalarida toʻlib oqadi. Avg. —sent. oylarida suv sathi 10—12 m ga, baʼzan 15 m gacha koʻtariladi. Gangning oʻrtacha suv sarfi 13 ming m3/sek., quyilish yerida 38 ming m3/sek. Gang (Brahmaputra daryosi bilan birgalikda) sersuvligi jihatidan yer sharida Amazonka va Kongodan keyin 3-oʻrinda turadi. Gang okeanga yiliga oʻrta hisobda 350 mln. t ga yaqin oqiziq keltiradi. Quyilish joyidan Hardvar sh. gacha (1450 km) kema qatnaydi. Gangning xoʻjalikdagi ahamiyati juda katta. Gang va uning irmoqlarl boʻyida Ollohobod, Banoras (Varanasi), Patna, Agra, Dehli, Kalkutta kabi yirik shaharlar joylashadi. Gangdan ayniqsa, oʻrta oqimida sugʻorishda foydalaniladi. Gang hindularning muqaddas daryosi.