GAN

GAN, Xan (Halm) Otto (1879.8.3, Frankfurtmayn — 1968.28.7, Gyottingen) — nemis fizigi va radiokimyogari. Asosiy ilmiy ishlari radioaktivlik, yadro kimyosi va yadro fizikasiga oid. Bir qancha izotoplarni va yangi radioaktiv element-protaktiniyni (avstriyalik fizik L. Maytner bilan hamkorlikda) kashf etgan; birinchi boʻlib tabiiy radioaktiv elementlarda yadro izomeriyasini ochgan (1921). Geologik jinslarning yoshini va kristallarning hosil boʻlish jarayonlarini aniqlashda radioaktiv usullarni qoʻllagan; neytronlar taʼsiri ostida uran yadrolarining parchalanishini topgan (nemis fizigi F. Shtrasman bilan hamkorlikda, 1938). Bu kashfiyot yadro energiyasidan foydalanishda dastlabki qadam boʻldi. Nobel mukofoti laureati (1944).