GALVANIK ELEMENTLAR

GALVANIK ELEMENTLAR — elektr toki manbalarining umumiy nomi; elektrolit va unga botirilgan ikkita turli xil metall plastinka (elektrod)lyan iborat. Bunday elementlarning yaratilishiga italyan olimi, fiziolog L. Galvani jonivorlar ustida oʻtkazgan tajribalar asosiy turtki boʻldi (nomi shundan). Galvanik elementlarda kimyoviy reaksiya natijasida hosil boʻlgan energiya bevosita elektr energiyasiga aylanadi. A. Volta yaratgan volta ustuni birinchi Galvanik elementlar boʻlgan. 19-a. oʻrtalarigacha Galvanik elementlar yagona elektr toki manbai hisoblangan. Elektrodlardan biri (musbati) anod, ikkinchisi (manfiysi) katod deb ataladi. Reaksiya natijasida elektrodlarda potensiallar farqi hosil boʻladi. Bu elektrodlarni tutashtirib turadigan simda elektr toki vujudga keladi. Eng koʻp tarqalgan Galvanik elementlarda musbat elektrod oʻrnida koʻmir tayoqcha, manfiy elektrod oʻrnida rux tayoqcha, elektrod oʻrnida esa novshadil eritmasi ishlatiladi. Suyuq elektrolit oʻrnida quyuq pastalar qoʻllanilsa, «quruq» element (Leklanshe elementi) hosil boʻladi. Galvanik elementlarda reagentlar sarflanib (zaryadsizlanib) boʻlganidan soʻng u ishga yaroqsiz holga keladi, yaʼni ularni qayta zaryadlab boʻlmaydi. Galvanik elementlar ixtiro qilinishi bilan tok xususiyatlarini oʻrganish va undan foydalanish imkoni yuzaga keldi, elektrotexnikaning fan sifatida shakllanishiga asos solindi.