GAZ TAQSIMLASH STANSIYASI

GAZ TAQSIMLASH STANSIYASI — gaz bosimini foydalanish uchun xavfsiz darajagacha pasaytirish va isteʼmolchilarga tarqatish uchun moʻljallangan inshoot. Unda gaz qabul qilinadi, aralashmalardan tozalanadi, bosimi pasaytiriladi, isteʼmolchilarga berilayotgan gaz mikdori hisobga olinadi; gaz quvurlarining gaz bosimi toʻgʻrilab turiladi. Gaz taqsimlash stansiyasida gazni tozalash, oʻlchash, rostlash, nazorat qilish qurilmalari, avtomatik asboblardan foydalaniladi. Vazifasiga qarab, Gaz taqsimlash stansiyasi magistral gaz quvuri tarmogʻidagi, gaz konidagi va avtomatik xillarga; nazorat-taqsimlash punktlari, gaz bosimini rostlab turish punktlari va qurilmalariga boʻlinadi. Shaharlarni, aholi yashaydigan punktlarni, korxonalarni, jamoa xoʻjaliklarini, xonadonlarni toza va ishlatish uchun xavfsiz bosimli gaz bilan bir meʼyorda taʼminlab turishda Gaz taqsimlash stansiyasining ahamiyati katta.