GAVAYI

GAVAYI — Tinch okeandagi Gavayi arxipelagidagi eng yirik orol. Mayd. 10,4 ming km2. Birlashib ketgan bazalt qalqonli beshta vulkan: Mauna-Kea (4205 m), Mauna-Loa (4170 m), Xuala-Lai (2521 m), Koxala (1678 m) va Kilauea (1247 m) dan iborat. Mauna-Loa va Kilauea — harakatdagi vulkanlar. Iqlimi tropik dengiz iqpimi, shim.-sharqiy yon bagʻirlari juda sernam (yiliga 3600 mm yogʻin yogʻadi). Togʻ yon bagʻirlari ananas, shakarqamish va b. tropik oʻsimliklar plantatsiyalari bilan band. Eng yirik shaxri — Xilo. Gavayida milliy park va vulkanologiya rasadxonasi bor.