GABON

GABON (Gabon), Gabon Respublikasi (Republique Gabonaise) — Markaziy Afrikadagi davlat. Mayd. 267,7 ming km2. Aholisi 1,19 mln. kishi (1997). Poytaxti — Librevil sh. Maʼmuriy jihatdan 9 viloyat (provinsiya)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Gabon — respublika. 1990-y. mayda qabul qilingan va 1997-y. apr. da tuzatishlar kiritilgan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi — prezident (1967-y. dan Omar Bongo). U umumiy toʻgʻri saylov huquqi asosida 7 y. muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — ikki palatali parlament (Millat majlisi va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident b-n Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Vazirlar Kengashining aʼzolari va bosh vazir prezident tomonidan tayinlanadi va uning olida masʼuldirlar.

Tabiati. Gabon ekvatorial va subekvatorial oʻrmonlar mintaqasida joylashgan. Gabonning ichki qismini Jan. Gvineya qirlari egallagan. Shayyu togʻlaridagi Ibunji choʻqqisining bal. 1580 m. Undan shim.gʻarbda Xrustal togʻlari (Dana choʻqqisi 1000 m) bor. Atlantika okeani sohilini eni 200 km gacha boʻlgan payettekislik egallagan. Foydali qazilmalardan marganes, uran, temir rudasi bor. Iqlimi issiq va sernam, ekvatorial va subekvatorial iklim. Iyulning oʻrtacha t-rasi 22—24°, apr. da 25^27°. Oʻrtacha yillik yogʻin 1500—2000 mm, okean sohilida esa 2500—3000 mm. Daryolari kup va sersuv. Eng katta daryosi Ogove. Gabon hududining 80% i kalin doimiy yashil oʻrmonlar. Tuprogʻi qizil-sariq laterit tuproq. Oʻrmonlarda qimmatbaho yogʻoch olinadigan qizil, sariq, eben, sandal, okume va b. daraxtlar oʻsadi. Sohil mangra oʻrmonlari bilan qoplangan. Hayvonlardan fil, buyvol, qoplon, kiyik, sirtlon, maymunlar, daryolarda begemot, timsoh va b. yashaydi. Har xil qushlar, hasharotlar (jumladan setse pashsha) koʻp. Milliy bogʻlari: Vonga-Vong, Okanda.

Aholisi asosan fang, mpongve, mbete, punu va b. Rasmiy til — fransuz tili, ammo aholining koʻpchiligi fang, banyabi yoki bakota tillarida soʻzlashadi.

Dindorlar — asosan xristianlar (70%). Aholining 20% anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi, 10% musulmonlar. Aholining 45,7% shaharlarda yashaydi.

Tarixi. Gabonning qad. va oʻrta asrlardagi tarixi kam oʻrganilgan. Gabonga yevropaliklar kirib kelgan vaqgda (1485-y. da birinchi boʻlib Portugaliya dengizchilari paydo boʻlgan) bu yerda qabilaurugʻchilik tuzumi yemirilayotgan edi. 16-a. dayoq Yevropa (Portugaliya, Fransiya, Gollandiya, Angliya) va Amerika qul savdogarlari Gabonni Ekvatorial Afrikada qul ovlanadigan asosiy maydonga aylantirganlar. 1839-y. dan fransuzlar Gabon daryosining qirgʻogʻida oʻz qishloqlarini qurib, mamlakatni asta-sekin bosib ola boshladilar. Gabon xalqining mustamlakachilarga qarshi kurashi 1-jahon urushigacha davom etdi. Gabon dastlab Fransiya Kongosining bir qismi edi. 1886-y. dan alohida maʼmuriy birlikka aylangan. 1903-y. da (1910—58 y. larda Fransuz Ekvatorial Afrikasi tarkibida) rasman Fransiya mustamlakasi deb eʼlon qilindi.

2-jahon urushidan soʻng Gabonning turli joylarida boshlangan milliy ozodlik kurashi uyushgan ommaviy harakatga aylandi. 40—50-y. larda dastlabki milliy partiyalar va kasaba uyushmalari tashkil topdi. 1958-y. da Gabon ichki muxtoriyat huquqiga ega boʻlib, Fransiya Hamkorligi aʼzoligiga qabul qilindi va shu yili respublika deb eʼlon etildi. 1960-y. 15-iyulda Fransiya hukumati Gabonga mustaqillik berishga majbur boʻldi, 17 avg. da esa Gabon mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. Gabon 1960-y. dan BMT aʼzosi. 1992-y. 10 yanv. da OʻzRning suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 17 avg. — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Gabon demokratik partiyasi, hukmron partiya, 1968-y. da tuzilgan; G. taraqqiyot partiyasi, muxolifatdagi partiya; Milliy tiklanish uchun harakat (MORENA), muxolifatdagi partiya, 1981-y. da tuzilgan. Gabon kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1969-y. da asos solingan.

Xoʻjaligi. Gabon tabiiy resurslarga boy boʻlishiga qaramay, iqtisodiy jihatdan orqada qolgan. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 52,8%, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi ulushi 11,4%. 1950-y. oxiridan konchilik sanoati rivojlana boshladi (asosan Fransiya kapitali hisobiga). Q. x. da mayda dehqon xoʻjaligi ustun. Jamoa va xususiy yer egaligi mavjud. Eksport qilinadigan asosiy ekin mahsulotlari kofe va kakao. Q. x. da yer yongʻoq, qalampir, maniok, banan, makkajoʻxori, sholi, yogʻli palma va b. yetishtiriladi. Chorvachilik sust rivojlangan. Atlantika okeanining Gabon sohiliga yaqin joylarida baliq va kit ovlanadi. Ovchilik (jumladan, fil suyagi tayyorlash), yovvoyi daraxt mevalarini terish aholining qoʻshimcha mashgʻulotidir.

Gabonning sohilidan va unga yondosh shelf kismidan neft va tabiiy gaz olinadi. Yiliga 914 mln. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Gabon okume yogʻochi tayyorlashda dunyoda 1-oʻrinda. Afrikada eng katta faner z-di Port-Jantilda (yiliga 60 ming kub metr faner tayyorlaydi). Ishlab beruvchi sanoati q. x. mahsulotlari (sholi, kofe, palma yogʻi va b.)ni qayta ishlovchi korxonalardan iborat. Puent-Klerettda yiliga 600 ming t neftni qayta ishlovchi z-d mavjud. Pivo z-di, tegirmon, kislorod-atsetilen z-di, kema qurish korxonalari, toʻqimachilik, tikuv f-kasi bor.

T. y. uzunligi — 652 km, avtomobil yoʻllari uz. — 10 ming km ga yaqin (2 ming km ga yaqini qattiq qoplamali). Kema yoʻllarining umumiy uz. — 1700 km. Muhim dengiz portlari — PortJantil va Librevil. Bu shaharlarda xalqaro aeroportlar bor. Gabon chetga neft, marganes rudasi, uran konsentrati, yogʻoch, yogʻoch mahsulotlari, kakao, kofe chikaradi. Chetdan mashina va uskunalar, transport vositalari, oziq-ovqat, metall, metall buyumlar, gazlama va b. keltiradi. Tashqi savdodagi mijozlari: Fransiya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Jan. Koreya va Buyuk Britaniya. Pul birligi — Afrika franki.

Madaniyati. Gabon mustaqillikka erishgan paytda 14 yoshdan katta boʻlgan aholining 77% i savodsiz edi. 1959-y. da 6—16 yoshli bolalar uchun majburiy taʼlim haqida qonun qabul qilindi. Darslar fransuz tilida oʻqitiladi. Oʻqish muddati boshlangʻich maktablar-da 6 y., toʻliqsiz oʻrta maktab (kollej) larda 4 y., toʻliq oʻrta maktab (litsey)larda 7 y. Professional taʼlim boshlangʻich maktabni tugatganlarni qabul qiladigan 2 bosqichli (4 va 3 y. lik) texnika litseylarida va 3 y. lik texnika kollejlarida amalga oshiriladi. 1970-y. Librevilda Milliy un-t tashkil etilgan. Ilmiy muassasalari: Tropik oʻrmonchilik tadqiqot markazi, Fan va texnika boʻyicha tadqiqot byurosi, Geol. va konchilik tadqiqot byurosi, Tropik q. x. ilmiy tadqiqot in-ti. Ilmiy tadqiqotlar Libreviddagi un-tda ham olib boriladi. Un-tda kutubxona mavjud.

Gabonda «Gabon-maten» («Tonggi Gabon»), Nasyonalist» («Millatchi»), «Yunyon» («Ittifoq»), «Patriot» («Vatanparvar»), «Jurnalʼ ofisyel de la Repyublik Gabonez» («Gabon Respub-likasining rasmiy gazetasi») kabi gaz. lar va bir qancha jur. lar nashr etiladi. Gabon matbuot agentligi 1961-y. da tuzilgan. Gabon radioeshittirish va telekoʻrsatuvi 1975-y. tashkil etilgan boʻlib, u hukumat ixtiyorida.

Gabon xalqlarining anʼanaviy turar joylari — toʻgʻri burchakli, tomi ikki tomonga nishab qilib palma shoxlaridan yopilgan yogʻoch uylardir. Librevil markazida zamonaviy meʼmorlik binolari (gubernator saroyi, fransuz amaldorlari uyi, savdo doʻkon-lari) qurilgan. Yogʻoch oʻymakorligi, fil suyagidan bezakli buyumlar ishlash, badiiy toʻqish va kashtachilik rivojlangan. Yogʻochdan ishlangan haykalchalar va byustlar (fang qabilasi), mis qoplab silliq ishlangan «mbulungumu» shakllari (bakota qabilasi) oʻziga xos milliy koʻrinishga ega.

«Yoʻl boʻlsin, Kumba?» degan birinchi toʻla metrajli badiiy filmni fransuz rej. A. Ferrani bilan gabonlik S. Oje 1971-y. da yaratdi. «Tamtamlar tindi» (1972), «Juz» (1975) filmlarida ijtimoiy muammolar oʻrtaga quyilgan.