FUNDAMENTALIZM

FUNDAMENTALIZM — keng maʼnoda — muayyan taʼlimot aqidalarining oʻzgarmasligini eʼlon qiladigan, eʼtiqodni akl dalillaridan ustun qoʻyadigan, ilohiy kitoblardagi vahiy qaysi maʼnoda bayon etilgan boʻlsa, shu maʼnoda qabul qilinishini talab etadigan, ayni vaqtda ularni majoziy maʼnoda talqin etishga har qanday urinishlarni rad etadigan, din asoslarini ogʻishmay bajarishni qattiq talab qiladigan ijtimoiy, mafkuraviy, diniy yoʻnalishlar. Tor maʼnoda — protestantizmdagi ortodoksal oqimlar. 1910-y. larda AQSHning jan. shtatlarida paydo boʻlgan. Ular xristianlikning anʼanaviy aqidalariga, ayniqsa, Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonchni mustahkamlashni, uni soʻzmasoʻz sharhdashga qatiy rioya qilishni talab qiladilar. 1919-y. Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiatsiyasiga asos solindi.

20-a. ning 70-y. laridan Fundamentalizm soʻzi islomga nisbatan qoʻllanila boshlandi. Islom F. i Qurʼon va hadislarni soʻzmasoʻz talqin etish va ilk islomga qaytishni targʻib qiladi. Keyingi paytlarda mutaassib musulmonlar «fundamentalistlar» deb atalmoqda. Islom Fundamentalizmi turli yoʻnalish va kayfiyatdagi guruhlarni oʻz ichiga oladi. Ularning baʼzilari terror usullari bilan qonuniy hokimiyatga qarshi kurashda oʻzini namoyon etsa, boshqalari targʻibottashviqot ishlari, diniy taʼlim bn, turli jamoat tashkilotlari, maktab, un-t, ommaviy axborot vositalariga kirib borish, audiovidio kassetalarni tarqatish bilan shugʻullanadi. Islom Fundamentalizm iga xos boʻlgan gʻoyalar—gʻarb turmush tarzi va gʻarb tovarlarining isteʼmoliga qarshi kurash, dinsiz yoki «sof islomdan chekingan» davlat rahbarlarini jismonan yoʻq qilish, islomda shirkka barham berish va b. dir.

Islom Fundamentalizmi talqinida azizavliyolar qabrini eʼzozlash ham butparastlikka kiradi. Hoz. davrda islom Fundamentalizmi vakillari butun dunyoga yoyilib, har yerda oʻz maslakdoshlarini topishga intilmoqda.

Abulhasan Nuriymon.