FREONLAR — yogʻ qatori uglevodorod ftoridlar va uglevodorod ftorxloridlar guruhi. Freonlar suvda erimaydigan, organik erituvchilar va koʻpgina surkov moylarida esa yaxshi eriydigan gazsimon yoki suyuq moddalardir. Freonlar nisbatan kimyoviy inert, havo bilan portlovchi aralashmalar hosil qilmaydi, yonmaydi, lekin alanga taʼsirida parchalanib zaharli diftor va ftorxlorfosgenga aylanadi. Freonlar sulfat kislota va konsentrlangan ishqorlar taʼsiriga chidamli, texnikada qoʻllanadigan koʻpgina metall va qotishmalar (latun va magniy asosidagi qotishmalardan tashqari) b-n reaksiyaga kirishmaydi. Freonlar vodorod ftorid yoki surma ftoridlarga tegishli uglevodorod xloridlar taʼsir ettirib hosil qilinadi. Sovitish mashinalarida sovitkich modda oʻrnida (mas, CC13F, CC12F2 va b.), yongʻinni oʻchirishda (mas, CBrF3), baʼzi Freonlar ftorli olefinlar va ular asosida polimerlar olishda xom ashyo sifatida qoʻllanadi.