FREYD

FREYD (Freud) Zigmund (1856.6.5, Frayberg, AvstriyaVengriya—1939. 23.9, Kempsted, Buyuk Britaniya) — avstriyalik psixiatr vrach, psixolog. Freydizm asoschisi. 1902-y. dan Vena un-ti prof., 1938-y. dan Angliyada. Freydning dastlabki tadqiqotlari bosh miya fiziologiyasi va anatomiyasiga bagʻishlangan. 19-a. ning 80-y. larida nevrozlar muammosiga, 90-y. larning oʻrtasidan boshlab esa ruhiy taxlil (psixoanaliz) asosida nevrozlarni davolash usuliga eʼtiborini qaratdi. Individning psixoseksual rivojlanishi nazariyasini takomillashtirdi, feʼlatvorning shakllanishi va uning patologiyasida bolalik davri kechinmalarini asosiy oʻringa qoʻydi. Psixoanaliz qoidalarini insoniyat madaniyatining turli sohalari — mifologiya, folklor, badiiy ijod, din va b. ga joriy kildi. Freydning baʼzi fikrlarini neofreydizm inkor etadi. Asosiy asarlari: «Tushlar taʼbiri» (1900), «Kundalik xayot psixopatologiyasi» (1904), «Psixoanalizga kirish boʻyicha maʼruzalar» (1910), «Totem va tabu» (1913), «Men va U» (1923), «Muso va tavhid» (1939).