FRANSIYA-ROSSIYA URUSHI, Vatan urushi (1812-y.) — rus xalkining Napoleon I bosqiniga qarshi ozodlik urushi. 1806—07 y. lardagi FransiyaRossiya urushida rus qoʻshinlari yengilgach, Tilzit sulh shartnomasiga koʻra, Napoleon I Rossiyani Angliyaga qaratilgan mintaqaviy qurshov tizimida ishtirok etishga majbur qilgan. Rossiya Angliya bilan savdo qilishdan mahrum boʻlib qolgani bois uning iqtisodi vayron boʻlgan. 1810-y. dek. da rus bojxonasining yangi tarifi eʼlon qilinib, Rossiyaga keltiriladigan mollarga, jumladan, Fransiyadan keltiriladigan ipak, duxoba, vino va b. ga boj soligʻi oshirilgan. Bu Napoleon I ning Rossiyaga qarshi urushga tayyorgarlik koʻrishiga turtki boʻlgan. 1812-y. boshida Napoleon I Rossiyaga qarshi birgalashib urushish maqsadida Avstriya va Prussiya bilan ittifoq tuzgan. Napoleon I oʻz ittifoqchilarining hududlarini Rossiya hisobiga kengaytirishga vaʼda bergan. Fransuz imperatorining maqsadi, Rossiyani boʻlib tashlash, undan katta miqdorda oʻlpon undirish, bu mamlakatni Fransiyaning mustamlakasiga aylantirish boʻlgan.
Rossiyaga qarshi yurish uchun 1372 toʻpga ega boʻlgan 640 ming kishidan iborat «buyuk armiya» tuzilgan. Ularning deyarli yarmini chet elliklar (avstriyaliklar, nemislar, polyaklar, italyanlar, ispanlar, shveysariyaliklar, portugallar va b.) tashkil qilgan. Rus armiyasida 591 ming kishi boʻlib, ularda 1620 toʻp boʻlgan. 1812-y. 12-iyunda Napoleon I armiyasi Neman daryosini kechib oʻtgan. Fransiya-Rossiya Urushi dagi harbiy harakatlarni 3 davrga boʻlish mumkin: 1 — urush boshlanishidan (iyun) Borodino jangigacha (sent.); 2 — Borodino jangidan (sent.) Napoleon I ning Maloyaroslavesdan chekinishigacha (dek.); 3 — Napoleon I armiyasining halokati va uni Neman daryosidan oʻtib, Rossiyadan qochishi (dek.). 18 avg. da Napoleon I Smolenskiy shturm bilan egallab, Moskva tomon yoʻl olgan. Aleksandr I 8 avg. da feldmarshal MM. Kutuzovii bosh qoʻmondon etib tayinlagan. 1842-y. 26 avg. da mashhur Borodino jangi yuz bergan. Borodino jangi Napoleon I armiyasi halokatining boshlanishi boʻldi. M. I. Kutuzov armiyani saklab qolish niyatida Moskvaga chekingan va Fili qishlogʻida harbiy kengashda (13 sent.) Moskvani tashlab ketish haqida qaror qabul qilgan. Napoleon I Moskvaga kirgan kunidan boshlab (2 sent.) shaharda yongʻinlar boshlangan. Oziq-ovqat, yemxashak yondirilgan yoki olib ketilgan. Napoleon I, 3 marotaba rus imperatoriga sulh tuzish haqida murojaat qilib, un-ta oʻz vakillarini yuborgan. Ammo Aleksandr I sulh tuzmagan. Tarutino kishloga yakinidagi jangda ruslar golib kelganlar (17 sent.). Moskvadagi yongʻin natijasida fransuz armiyasini boqishning iloji boʻlmagan. Bosqinchilarga qarshi rus xalqining ozodlik kurashi avjga chiqqan. Napoleon I armiyasi tang ahvolda qolgan. Rossiyadan qochayotgan fransuz armiyasini rus qoʻshinlari taʼqib qilgan. Noyab. da Rossiya oʻlkalarida qahraton sovuq boshlangan. Noyab. oʻrtasida Napoleon I Berezina daryosidan oʻtganda uning «buyuk armiya»sidan asar ham qolmagan. Napoleon I qoʻmondonlikni Myuratga topshirib, oʻzi Parijga ravona boʻlgan. Bu urushda Napoleon I, 550 minglik qoʻshindan mahrum boʻlgan. Rus imperiyasidagi talafot 200 ming kishini tashkil etgan. Bu urush Yevropada ozodlik kurashining avj olishiga turtki boʻlgan.
Temur Gʻiyosov.