FORD

FORD (Ford) Genri (1863.30.7, AQSH, Michigan shtati Dirborn yaqinida — 1947.7.4, Dirborn) — amerikalik sanoatchi, AQSH avtomobilsozlik sanoati asoschilaridan biri. 1879-y. dan Deytroytda mexanik shogirdi. 1893-y. dan «Edison ilyumineyting kompani», 1899—1902-y. larda «Deytroyt avtomobil kompani» bosh muhandisi. 1892— 93 y. larda oʻzining birinchi 4 taktli ichki yonuv dvigateliga ega boʻlgan (4 o. k.) avtomobilini yaratdi. 1903-y. da «Ford Motor» kompaniyasiga asos soldi. Keyinchalik bu kompaniya jahondagi eng yirik avtomobil kompaniyalardan biriga aylandi. Oʻz z-dlarida standartlashtirish va konveyerpotok usulini keng qoʻlladi, mehnatni intensivlash orqali yuqori mehnat unumdorligini taʼminlashga erishdi. Keyinchalik mehnatni tashkil etishning Ford qoʻllagan tizimi va uning qarashlari tarixga fordizm nomi bilan kirdi. Mehnatni va i. ch. ni tashkil etish toʻgʻrisidagi oʻz qarashlari va tajribalarini «Mening hayotim va ishim» (1922); «Bugun va erta» (1926); «Olgʻa harakat» (1930) kitoblarida bayon etgan. Asarlari 20-y. larda rus tiliga tarjima qilingan. Ad.: Lavrov N. S, Genri Ford i yego proizvodstvo, L., 1926.