FIFA

FIFA (FIFA, frans. Federation internationale de Football Association soʻzlari bosh harfidan) — xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi. 1904-y. Fransiyada taʼsis etilgan. 204 ta milliy futbol uyushmasini birlashtiradi (2003). Oʻzbekiston 1994-y. dan aʼzo. Turli miqyosdagi xalqaro musobaqalar: milliy jamoalar oʻrtasida jahon chempionati (1930-y. dan), mini futbol boʻyicha, ayollar jahon chempionatini, oʻsmirlar oʻrtasida, 16—17 yoshli futbolchilarning jahon chempionatini, qitalararo turnir va kubok musobaqalarini tashkil qiladi va oʻtkazadi. «FIFA magazin» bezakli jur., «FIFA Nyus» oylik byulletenini nashr etadi. Futbolni targʻib qilish ishidagi ulkan muvaffaqiyatlari uchun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi S. Arutyunov FIFA medali bilan mukofotlangan (1998), «Neftchi» (Fargʻona) jamoasi futbolchisi S. Lebedev FIFA terma jamoasi tarkibida oʻynagan (1997).