FITONSIDLAR

FITONSIDLAR (fito… va lot. caedo — oʻldiraman) — oʻsimliklar hosil qiladigan faol modda, boshqa organizmlar (asosan, mikroblar)ni oʻldiradi yoki ularning oʻsish va rivojlanishini toʻxtatadi. Fitonsidlar oʻsimliklar immuniteti va biotsenozlardagi organizmlarning oʻzaro munosabatlarida muhim ahamiyatga ega. Kimyoviy tarkibi boʻyicha — glikozidlar, terpenoidlar va b. ikkilamchi metabolitlardan iborat. Daraxtlar (asosan, ignabarglilar)ning Fitonsidlar ishlab chiqarish xususiyati shaharlarni koʻkalamzorlashtirishda ahamiyatga ega. Piyoz, sarimsoq, yerqalampir va b. oʻsimliklar Fitonsidlari qoʻshilgan preparatlar tibbiyotda qoʻllanadi.