FAXRIDDINOV Muhammadamin (1894 Toshkent — 1941) — oʻzbek maʼrifatparvari, pedagog. Toshkentdagi madrasalardan biri va 2 bosqichli rustuzem maktabini tugatgan. 1913—17 y. larda Toshkentdagi rustuzem maktablaridan birida oʻqituvchi. Okt. toʻntarishi (1917)dan soʻng oʻzbek maktablarida uqituvchilik qilgan. Faxriddinov yangi usul maktablari uchun oʻzbek tili darsligi («Turkcha qoida»), alifbe kitobi («Rahbari avval»), geogr. dan qoʻllanma («Jugʻrofiyai riyoziy»)lar yozgan. «Turkcha qoida» (1913, Toshkent) oʻzbek tilida birinchi marta yozilgan maktab darsligi bulib, boshlangich sinf oʻquvchilari uchun muljallangan. Unda oʻzbek tili grammatikasi, imlo va tinish belgilari haqida dastlabki nazariy maʼlumotlar, mashqlar berilgan. «Rahbari avval» (1917, Toshkent) usuli maddiya (harflarning nomiga unli tovushlar qoʻshib, choʻzib boʻgʻin hosil qilish)dagi birinchi rasmli oʻzbek alifbesidir. Darslikda original matnlar bilan bir qatorda K. D. Ushinskiy, L. N. Tolstoy va b. rus pedagoglarining bolalarga muljallangan asarlari ham berilgan.