UCH SHOXLI NERV

UCH SHOXLI NERV — bosh miya nervlarining V jufti. Varoliy koʻprigi b-n miyachaning oʻrta oyogʻi oraligʻida joylashgan (q. Bosh miya). Sezuvchi, harakatlantiruvchi va vegetativ nerv tolalaridan iborat. Uch shoxli nervning sezuvchi tolalari uch tarmoqqa boʻlinadi. 1shoxi yuzning peshona qismini, boshning oldingi sochli qismini, yuqori qovoqni va burunning tepa qismidagi terini, 2shoxi chakka, burun, yuqori labning shilliq qavatlarini, yuqori jagʻdagi tishlar va milklarni, 3shoxi pastki jagʻ kanali boʻylab yoʻnalib, pastki lab, lunj, engak, tilning shilliq qavatlarini, pastki jagʻ tishlarini va milklarini innervatsiya qiladi. Uch shoxli nervning harakatlantiruvchi tolalari Varoliy koʻprigida joylashgan harakatlantiruvchi yadro hujayralaridan boshlanadi. Harakatlantiruvchi nerv tolalar chakka, chaynov muskullarini innervatsiyalaydi. Uch shoxli nervning koʻp uchraydigan kasalliklaridan nevralgiya kuchli ogʻriq bilan kechadi.