ULYANOVSK

ULYANOVSK (1780-y. gacha — Sinbirsk, 1924-y. gacha — Simbirsk) — RF Ulyanovsk viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Volga va Sviyaga daryolari boʻyida. T. y. chorrahasi. Daryo porti (Kuybishev suv ombori). Aeroport bor. Aholisi 636 ming kishi (2002). Shahar 1648-y. da Sinbirsk istehkomi sifatida vujudga kelgan. 18-a. boshlaridan Kozon gubernyasida. 1780-y. da Simbirsk noibligiga asos solingan. 1796-y. dan gubernya shahri. 19-a. da Volga boʻyidagi don, baliq, qoramol, yogʻochtaxta savdosi markazlaridan boʻlib qoldi. Oziq-ovqat sanoati rivojlandi. Mashinasozlik va metallsozlik (aviatsiya sanoat majmui, «Avto UA Z» i. ch. birlashmasi; motor, ogʻir va unikal stanoklar, «Kontaktor» va b. zavodlar), qurilish materiallari i. ch., kimyo, yengil, oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. 3 oliy oʻquv yurti, 2 teatr, oʻlkashunoslik, badiiy muzeylar, I. A. Goncharov tarixiymemorial muzeyi; tarixiymemorial qoʻriqxona bor. Meʼmoriy yodgorliklardan: gimnaziya (18-a.), Lenin memoriali binosi (1967—70) mavjud. V. I. Ulyanov (Lenin) nomiga qoʻyilgan (Simbirskda tugʻilgan).