ULUGʻTOGʻ

ULUGʻTOGʻ, Ulutov — Jezqazgʻan (Qozogʻiston)dan 100 km shim. da, Sarisu daryosi shim. da joylashgan togʻ. 20-a. ning 30-y. larida Jezqazgʻandan 50 km gʻarbdagi Qarsaqpay koni yaqinida Qoramoʻla togʻi yon bagʻrida yozuvlik tosh topilgan (Ermitaj muzeyida saklanadi). 1391-y. Amir Temur Toʻxtamishga qarshi yurishi chogʻida Ulugʻtogʻga yetib kelib, bir kun ichida uning tepasiga tugʻ oʻrnatib, qarorgoh qurdirgan va qoʻshinga atrofdan tosh toʻplab keltirishni va minorasimon inshoot qurishni buyurgan. Toshtaroshlar xarsang toshga 2 tilda — arab va qad. uygʻur tilida bitik yozganlar. Bitik 11 satrdan iborat boʻlib, 8 satri qad. uygʻur va 3 satri («Bismillohir rahmonir rahim») arab harfidadir. Bitiktoshda 793 (1391) qoʻy yili yoz faslining oʻrtasida (Nizomiddin Shomiyning yozishicha, 28 apr.) Turon sultoni Temurbek 200 ming kishilik oʻrdusi bn Toʻxtamishxonga qarshi safarga chiqqanligi va nishon sifatida shu qoʻrgʻonni bunyod ettirgani yozilgan. Oradan 200 yil oʻtgach, Abdullaxon II ham Soqibqirondan oʻrnak olib, Amir Temur qurdirgan minora qarshisida, Ulugʻtogʻ safaridan yodgorlik sifatida masjid qurdirgan. Bu haqda Hofiz Tanish alBuxoriy shunday yozadi: «Oʻsha kuni (1582-y. 3 may) namozi peshingacha toʻxtab lashkarga buyurdiki, «Koʻp tosh toʻplasinlar». Buyruqni bajarib toʻplangan toshdan oliyshaʼn u makonda bir masjid bino qildilar. Shu bilan roʻzgʻor sahifalarida u balandqadr shohdan bir yodgorlik qoldirdilar. Shunday ishni firdavsmakon, dinu dunyo qutbi shahriyor Amir Temur Koʻragon… ham qilgan edi».

Boyqoʻngʻir kosmodromi Ulugʻtogʻga yaqin yerda boʻlgani tufayli 20-a. ning 2yarmida bu hududga kirish man etilgan. Manba: Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Nizom iddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Hofiz Tanish alBuxoriy, Abdullanoma, «Sharafnomayi shohiy», 2kitob, T., 2000.

Ad.: Grekov B. D., Yakubovskiy A. Yu., Zolotaya Orda i yee padeniye, M., 1950; Materialы po istorii kazaxskix xanstv XV — XVIII vv., AlmaAta, 1969.

Faxriddin Hasanov.