ULOQ

ULOQ, koʻpkari — Oʻrta Osiyo xalqlarining qad. ommaviy, milliy oʻyinlaridan biri. Asosan, gʻalaba va hosil bayramlari, toʻy va sayillar munosabati bilan oʻtkazilgan. Hukmdor va har xil amaldorlardan tashqari oʻziga toʻq odamlar, hatto odsiy aholi ham Uloq oʻyinlarini tashkil etgan. Koʻproq xatna (chipron) toʻylarida rasm boʻlgan. Uloq turkiy xalklar, ayniqsa, uning qoʻngʻirot, qurama, ming, mangʻit, oyrat, yoyilma, kenegas, qipchoq, barlos kabi urugʻlari orasida ommalashgan. Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda Uloq kim tomonidan, qayerda, qachon va nima maqsadda oʻtkazilayotganligini hamda qoʻyiladigan sovrinlarni eʼlon qilgan. Turli joyda har xil qoida boʻyicha (chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va b. nomlar bilan atalgan) Uloq oʻyini uyushtirilgan. Uloq koʻngilochar tomosha yoki shunchaki oʻyin boʻlmasdan oʻgʻil bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash vazifasini bajargan. Uloq oʻyinlari ot naslini yaxshilashga, chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini koʻpaytirishga yordam qilgan. Qorabayir, arabi, axaltekin, qurama, laqay, kustanay, qorabogʻ va hoz. Orlov ot zotlari Uloq chi otlar qisoblanadi.

Uloq xalq oʻyini, asosan, 2 qismdan — solim (qoqma) va poytadan iborat. Solim (qoqma). Chortoq ustidagi bakovullar (hakamlar) uloq (soʻyilib ichki aʼzolari, bosh va oyoklari kesib olingan echki yoki buzoq)ni toʻdaga tashlaydi. Toʻdadagi chavandozlar U. ni olib, tortishib, eng kuchlisi Uloqni marraga yetkazib berishi lozim. Kim Uloqni marraga yolgʻiz oʻzi halol olib kelsa, unga avvaldan belgilangan mukofot taqdim etiladi. Katta toʻylarda mukofotga pul, mato, kiyim, gilam, qoʻchqor va b. qoʻyiladi. Poyga, u 2 turdan iborat: otda chavandozning poygasi (q. Poyga) va Uloq bilan chopish poygasi. Uloq bilan poygada belgilangan joydagi Uloqni olish uchun hakamlar ruxsat bergandan keyin chavandoz ot choptirib borib Uloqni yerdan koʻtarib olishi va marraga yetkazishi kerak. Keyingi yillarda Uloq oʻyinlari sport turiga kiritildi va Oʻzbekistonda respublika miqyosida rasmiy musobaqalar, xalqaro turnirlar oʻtkazila boshlandi (yana q. Ot sporti). 1998-y. Samarkand viloyatining Chelak tumanida, 1999-y. «Alpomish» dostonining 1000-yilligiga bagʻishlanib Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida respublika musobaqalari tashkil qilindi. 1xalqaro musobaqa Navoiy viloyatidagi Islomobod jamoa xoʻjaligida boʻlib oʻtdi (1999-y., 27—29 noyab.), unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston terma jamoalari bilan birga Navoiy, Samarkand viloyati vakillari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi.

Uloqning sport turi sifatida xalqaro miqyosida 38 mamlakatda (2004-y.) tan olinishida Oʻzbekiston ot sporti va uloq federatsiyasi tomonidan Uloq musobaqalarining umumiy qoidalari ishlab chiqilishi va Xalqaro «kok boru» (U. — koʻpkari) federatsiyasining taʼsis etilishi (2001-y. 7—11 noyab., Bishkek) ning ahamiyati katta boʻldi.

Oʻzbekistonda alohida Uloqkoʻpkari federatsiyasi tuzildi (2002-y. 29 apr.). Federatsiya tuman, viloyat, respublika musobaqalarini uyushtiradi. Ad.: Sam i be kov R., Chavandozning belbogi, T., 1998; Yoʻldoshev S., Joʻrayev N ., Uloq — shijoatli va jasur suvoriylar oʻyini, Fargʻona, 2002.

Talat Usmonxoʻjayev, Joʻraqoʻzi Turdimatov.