UKROP

UKROP, shivit (Anethum) — soyabongullilar oilasiga mansub bir yillik, baʼzan ikki yillik oʻtsimon oʻsimlik; sabzavot ekini. Osiyo va Afrikada 4 turi usadi. Bir yillik xushboʻy Ukrop (A. graveolens) turi Yevrosiyo, Amerika va Afrikada, Oʻrta Osiyoda keng Tapkalgan. Oʻzbekistonda Ukrop qadimiy ekin hisoblanadi. Ildizi oʻq ildiz, yer ustki qismi oʻrtacha shoxlangan, bal. 18 — 36 sm, 6 —12 ta tik turuvchi sochma barglardan iborat. Guli soyabon, ikki jinsli. Urugi mayda, och va toʻq jigarrang. Ukrop sovuqka chidamli, yerugsevar, dastlabki rivojlanish paytida namlikka ayniqsa talabchan. Barglari tarkibida S, V,, V2, RR, R vitaminlari, karotin, folat kislota, temir, kaliy, kalsiy, fosfor tuzlari, efir moylari mavjud. Ukrop kundalik oziq-ovqat isteʼmolida, bodring, pomidor va b. sabzavotlarni tuzlashda ishlatiladi, tibbiyotda turli dorilar tayyorlanadi, sanoatda Ukrop yogʻi olinadi. Urugʻi 7 —20 kunda unib chiqadi, 30 —40 kunda oʻriladi, 60 —70 kunda toʻliq gullaydi. Oʻsuv davri qisqa boʻlganligi uchun Ukropni bir necha marta ekib, hosil olish mumkin. Qishda issiqxonalarda, ochiq dalaga erta bahorda ekiladi. Ekish chuq. 2 —3 sm. Oʻzbekistonda Ukropning Oʻzbekiston243 va Orom navlari ekiladi.

Ad.: Hakimov S. A., Hakimov A. S, Toshmuhamedov A. A., Ukrop, sabzavot va poliz ekinlari urugchiligi, T., 2003.