UYGʻUR XOQONLIGI

UYGʻUR XOQONLIGI — uygʻurlar davlati (744—840). Sharqiy Turk xoqonligi hududida Bosmil xoqonligi (742—744) dan soʻng paydo boʻlgan. Poytaxti — Qoraqurum (Urxun daryosining chap qirgʻogʻida). Birinchi xoqoni Qutlugʻ Bilga xoqon (uygʻurlarning yogʻliqor urugʻidan) davrida (744—746) Uygʻur xoqonligiga Oltoydan Manjuriyagacha boʻlgan hudud qaragan. Xoqon Moʻyunchur (Qora xoqon) davri (746—759) da Uygʻur xoqonligi kuchli davlatga aylangan. Shim. da qirgʻizlar, sharqda kidanlarni yengib, ularning yerlarini oʻz davlatiga qoʻshib olgan. 8-a. oʻrtalarida Uygʻur xoqonligiga gʻarbda Oltoydan, sharkda Xingan toglarigacha, jan. da Gobi choʻlidan shim. da Sayan togʻlarigacha boʻlgan hudud kirgan. Xoqon Idigin davri (759—780) da Uygʻur xoqonligi qoʻshinlari Xitoydagi oʻzaro urushlardan foydalanib, unga bostirib kirgan. 8-a. oxirida mahalliy boylarning oʻzaro janjallari, tobe qabilalarning uygʻurlar hukmronligiga qarshi kurashi kuchayib, Uygʻur xoqonligi tanazzulga uchray boshladi. 9-a. boshlarida bu kurash yanada kuchaydi. 840-y. U. x. aholisi 5 ga boʻlingan. Bir qismi oʻz joylarida qolgan. Uygʻurlarning yana bir qismi Sharqiy Turkiston va Jungʻoriyaga koʻchib oʻtgan. Buyuk ipak poʻli Uygʻur xoqonligi nazoratida boʻlib, tashqi savdo keng rivojlangan. Xon davlatni tutuqpar, beklar yordamida boshqargan. Xoʻjaligi chorvachilik va dehqonchilik boʻlib, barcha yer, yaylov, chorva mahalliy boylar qoʻlida boʻlgan.

Uygʻur xoqonligida yirik mahobatli qurilishlar (shahar, qalʼa va b.) olib borilgan. Qoraqurum sh., Kichik Yenisey daryosining boshlanishida qalʼa va qasr (PorBajin), Xemchik vodiysida 14 shaharqalʼa va bir harbiy tayanch punkti qurilgan. Shaharlarda aholi hunarmandchilik (charm, yogʻoch, sopol, metalldan ishlangan roʻzgʻor buyumlari, zargarlik) bilan shugʻullangan. Shu davrda uygʻur yozuvi (suryoniy alifbosi asosida) paydo boʻlgan. Uygʻur xoqonligida moniylik hukmron din boʻlgan (8a.), keyinchalik buddizm tarqala boshlagan (9-a. dan).