UYQUSIZLIK

UYQUSIZLIK, insomniya, agripniya — tungi uyqu maromining buzilishi; tunda kam yoki yuzaki uxlash, uyqu kelmaslik, bevaqt uygʻonaverish, shuningdek, juda erta uyqu oʻchib ketishi va b.

Baʼzi odamlarda uyqu bolaligidan buzilgan boʻladi, mas, irsiy, ilk yoshda boshdan kechirilgan baʼzi kasalliklar yoki nerv sistemasi, bosh miyaning shikastlanishi oqibatida kelib chiqadi. Uyqusizlik koʻpincha nerv sistemasining kuchli ruhiy, emotsional shikastlari, nevroz, psixoz, bosh miyaning organik kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki aʼzolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) kasalliklari bilan bogʻliq nerv sistemasining funksional buzilishlarida uchraydi. Uyqusizlik yotadigan joyning noqulay boʻlishi, biror narsadan hayajonlanish, birorta kasallikning boshlanish belgisi boʻlishi ham mumkin. Agar Uyqusizlik noxush kechinmalar, toliqish, uxlash maromining buzilishidan (funksional Uyqusizlik) kelib chiqqan boʻlsa, u oʻzicha tiklanadi. Buning uchun har kuni bir vaqtda odatdagi sharoitda yotish, yaxshi hayollar surish lozim. Bu tavsiyalarga rioya qilinsa, hayajonlanish, toliqishdan yuzaga keladigan Uyqusizlik tezda oʻtib ketadi. Uyku yoshi qaytgan va qarigan kishilarda oʻzgaradi; uyqu yoshlik davriga qaraganda birmuncha yuzaki va qisqa muddatli boʻlib qoladi, bu shu yoщdagi organizmning fiziologik xususiyatlari natijasidir.

Uyqusizlikning har qanday turida ham vrach b-n maslahatlashib, zarur muolajalarni olish tavsiya etiladi, oʻz bilgicha doridarmonlar bilan davolanish xavfli asoratlarga olib keladi.