UYQU

UYQU — odam va hayvonlarda davriy yuz beradigan fiziologik holat. Bunda fiziologik jarayonlar bir qadar sekinlashadi va organizmning, chunonchi, markaziy nerv sistemasining ish qobiliyati tiklanishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratiladi. Uyqu har bir insonning zarur hayotiy ehtiyojidir. Inson butun hayotining uchdan biri har kechakunduzda davriy kuzatiladigan Uyqu holatida oʻtadi.

Uyqu vaktida muskullar tonusi susayadi (uyqudagi odamning koʻp muskullari boʻshashgan boʻladi), sezuvchanlikning barcha turlari — koʻrish, eshitish, taʼm bilish, hid sezish, teri sezuvchanligi keskin susayadi. Shartsiz va shartli reflekslar tormozlanadi. Qattiq Uyquda nafas uygʻoqlikdagiga nisbatan ancha chuqur, yurak urishi sekin, arterial qon bosimi, toʻqimalarga qon kelishi, moddalar almashinuvi, gavda t-rasi past boʻladi. Bularning barchasi Uyqu holatida miya bilan bir qatorda hujayralar va toʻqimalar hayot faoliyatini taʼminlovchi hamma ichki aʼzolarning ham «dam» olishidan dalolat beradi.

Ammo Uyqu hakidagi zamonaviy tasavvurlarga koʻra, Uyqu faqat dam olish emas, balki kun boʻyi olingan turli axborotni qayta ishlash va ertasi kun yana qabul qilish qobiliyatiga erishish uchun qaratilgan jarayondir.

Odam astasekin uxlaganda nafas olish va yurak ritmi pasayadi, koʻz sekin yumula boshlaydi. Tez uxlab qolganda esa bu harakatlar, odatda, tezlashadi.

Astasekin uxlab qolish tungi Uyquning 75—80%ini, tez Uyquga ketish esa 20 — 25%ini tashkil etadi. Tez va sekin uxlab qolishning navbatlanishi, odatda, sogʻlom odamlar uchun xosdir va bunda odam oʻzini uyquga qongan hamda bardam his etadi. Tez va sekin uxlash muddatining oʻzgarishi, sekin uxlashning yetarli darajada chuqur boʻlmasligi, tez uxlash davrida teztez uygonib turish odam nerv sistemasining turli buzilishlariga olib keladi, uning ruxiy va emotsional holatiga taʼsir koʻrsatadi.

Normal (fiziologik) Uyquning davriy kechakunduzlik va davriy faslli (qayvonlarning yozgi va kishki Uyqusi) turlari va bir necha xil patologik (narkotik, letargik va b.), shuningdek, maxsus taʼsirlar oqibatida yuzaga keladigan gipnotik Uyqu farq qilinadi.

Uyquning koʻpincha kuzatiladigan buzilishlariga uyquchanlik (gipersomniya) va uyqusizlik kiradi.