MUHIDDINXOʻJA QOZI

MUHIDDINXOʻJA QOZI (1841 – Toshkent —1902-y. mart) — oʻzbek maʼrifatparvari. Soʻnggi Toshkent qozikaloni — Hakimxoʻja oʻgʻli. Toshkent, Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Toshkentning Sebzor dahasidagi Isaxonxoʻja madrasasida mudarrislik qilgan. Toshkent rus askarlari tomonidan qamal qilinib aholi qirilib ketish arafasida turgan. 1865-y. iyunida Muhiddinxoʻja qozi Abulqosim eshon, Solihbek oxund va oʻz otasining topshirigʻiga koʻra, gʻoyat xavfli vaziyatda MX. Chernyayev qarorgo-higa borgan, unga maxsus maktub topshirib, shaharni nisbatan yengil shartlar bilan taslim boʻlishi tadbirlarini koʻrgan. Otasi vafotidan soʻng, 60-y. lar oxiridan — Sebzor dahasi qozisi. 80-y. lar boshida Sattorxon, keyinroq Furqat bilan yangi oʻzbek maʼrifatpar-varligiga asos solishda qatnashgan, zamonaviy ilm-fan, texnika va ilgʻor madaniyat targʻiboti bilan shugʻullangan. Muhiddinxoʻja qozi 1884-y. dan «Turkiston viloyatining gazeti» bilan hamkorlik qilib, ilk oʻzbek publitsistlaridan biri si-fatida tanilgan. Muhiddinxoʻja qozi oʻtmish madaniy obidalarini avaylab saqlashga jiddiy eʼtibor qaratgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarining jahonda yagona mukammal nusxasi Muhiddinxoʻja qozi va avlodlari saʼyharakati bilan bizgacha yetib kelgan va respublikamiz mustaqillikka erishgach, toʻlaligicha nashr etilgan.

Muhiddinxoʻja qozi 1886-y. Sebzor dahasidagi 3son rus-tuzem maktabini qurdirgan va umrining oxirigacha unga faxriy nozir boʻlgan. Maʼrifatparvarlik faoliyati, shuningdek, 1892-y. «vabo qoʻzgʻoloni»ga xayrixoxdigi uchun Muhiddinxoʻja qozi chor maʼmurlarining koʻplab taʼqib va tazyiklariga uchragan, shunga qaramay oʻz ilgʻor gʻoyalariga sodiq qolgan.

Ad.: Yusupov Щ., Oʻzbek maʼrifatparvarlik adabiyoti va Furqat, T., 1992; Tarix va adab boʻstoni, T., 2003.

Sharif Yusupov.