MUNITSIPALITET

MUNITSIPALITET (nem. Munizipalitat, lot. municipium — oʻzini oʻzi idora qiluvchi jamoa) — bir qancha mamlakatlarda mahalliy boshqaruv va oʻzini oʻzi boshqaruvchi saylab qoʻyiladigan organlarning majmui. Ayrim mamlakatlarda (mas, AQSH, Buyuk Britaniya) shahar boshqaruv organlarigina Munitsipalitet deb ataladi. Moskva sh. da mahalliy oʻzini oʻzi boshqaruvchi organ M. deb ataladi, u munitsipal yigʻilish va mahalliy maʼmuriyat boshligʻi (M. rahbari)ni oʻz ichiga oladi. Munitsipalitet tegishli maʼmuriyhududiy birlik aholisi tomonidan saylanadi va unga konstitu-siyaviy huquqda xalqhuquqiy korporatsiyalari sifatida qaraladi. Odatda, Munitsipalitet mer, burgomistr va sh. k. boshchiligidagi saylab qoʻyiladigan rayosat hamda ijrochi mulozimlar devonidan iborat boʻladi. Munitsipalitet munitsipal korxonalar, turar joy fondi va b. mulklar egasi boʻlishi mumkin; u davlat maktablari, sanitariya xizmati idoralari, mahalliy politsiya, bir qancha mamlakatlarda esa tibbiy xizmat va ijtimoiy taʼminot boʻyicha turli muassasalarni boshqaradi. Munitsipalitetning asosiy daromad manbai aholidan yigʻiladigan mahalliy soliklardir.