MOTSART

MOTSART (Mozart) Volfgang Amadey (1756.27.1, Zalsburg – 1791.5.12, Vena) — avstriyalik kompozitor. Vena klassik maktabining yirik namoyandasi. Sozanda, oʻqituvchi va kompozitor. Leopold Motsartning oʻgʻli va shogirdi. Yoshligidanoq noyob musiqiy isteʼdod va xotira egasi, virtuoz sozanda (pianinochi, skripkachi), mohir dirijyor va kompozitor sifatida tanilgan: 5 yoshidan ilk musiqa asarlarini ijod etgan, 6 yoshdan butun Yevropa boʻylab gastrolda boʻlgan. 1770-y. dan Bolonya Filarmoniya akademiyasi aʼzosi. Zalsburg knyazarxiyepiskop saroyida konsertmeyster (1769—77) va organchi (1779—81), Avstriya imperatori Iosif II saroyida musiqachi va kompozitor (1787-y. dan).

Maʼrifatchilik davri gʻoyalari taʼsiri ostida kamol topgan Motsartning ijodi 18-a. ning badiiy choʻqqilaridan biri. Motsart uslubida klassitsizmgaxos ratsionalizm mezonlari bilan birga sentimentalizm xususiyatlari oʻzaro tutashgan. Keng qamrovli musiqiybadiiy obrazlar dunyosida joʻshqinlik va chuqur ehtiros, iroda va matonat, ayni paytda nafislik va mayinlik xususiyatlari keng oʻrin olgan. Uning shodlik, xushchaqchaq tuygʻularga boy, hayotbaxsh ijodida fojia mavzulari, dard-alam kayfiyatlari ham chuqur ifoda topgan. Eng yirik musiqa ustalari oʻrtasida Motsart oʻz ijodining serqatlamligi va kengligi bilan ajralib turadi. Motsart deyarli barcha musiqa janrlariga murojaat etib, 600 ga yaqin asar yaratgan, musiqa tarixida goʻzallik va mukammal garmoniya timsoli sifatida oʻz nomini qoldirgan. Motsart operaning yangi turlarini yaratgan. «Figaroning uylanishi» opera-komedi-yasi (1786), «Don Juan» opera-dramasi (1787), «Seholi fleyta» milliy opera-ertagi (1791) va b. (jami 17 ta) jahon musiqali te-atri xazinasining durdonalariga aylangan. Bulardan «Zaida» (1780), «Haramdan olib qochish» (1782), «Qo-hira gʻozi» (1783) kabi operalarida Sharq mavzulariga murojaat qilgan. Motsart ijodida simfoniya (50 ga yaqin), cholgʻu konsert (40 ga yaqin), torli kvartet (23 ta), fortepiano sonatasi (21 ta) rivoj topdi. Motsart, shuningdek, turli chol-gʻu asarlar, kantata, messa, kamer ansambllar, qoʻshik/iap muallifi. Uning soʻnggi asari — «Rekviyem» (1791, shogirdi F. Zyusmayer tugallagan) mazkur janrning mumtoz namunasiga aylangan. Zalsburgda xalqaro «Motsarteum» (tarkibida ilmiy, oʻquv, konsert boʻlimlari mavjud) muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda (1880-y. dan).

Ad.: Levik V.,Chet el musiqasi tarixi T., 1984.