MINGCHUQUR GʻORI

MINGCHUQUR GʻORI — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi gʻor. Boysun tizmasi tarkibidagi Hojibuzbarak togʻining shim.-gʻarbiy yon bagʻrida, Machay daryosi vodiysida joylashgan. Yura davri gips qatlamlarida hosil boʻlgan. Gʻorga kirish qismining eni 27 m dan ziyod, bal. 12 m. Bir qancha xonalar va yoʻlaklardan tashkil topgan gʻorning ichki tuzilishi murakkab. Ularning eni 6—8 m dan 10— 18 m gacha, bal. 1—2 m dan 10—12 m gacha. Sahnida shipi va devorlaridan qulab tushgan turli kattaliqdagi tosh parchalari uchraydi. Gʻorning umumiy uz. 230 m, mayd. 680 m2, hajmi 1350 m3 dan ziyod.