MAGʻZI SOXTA

MAGʻZI SOXTA, toshqogʻoz — shaklga oson beriluvchan material; qogʻoz, karton, mato qiyqimlari va b. xom ash-yolardan yopishqoq modda (shirach)lar, kraxmal, gips va b. qoʻshib, qaynatilib hosil qilinadi. Presslab turli shakllarga solinadi. Magʻzi soxtadan oʻyinchoqlar, oʻquv qoʻllanmalar, qalamdon, qimmatbaho muqovalar, quticha, guldon, mum qolip, roʻzgʻor buyumlari va b. tayyorlanadi, ular boʻyama va bosma naqshlar, tasvirlar bilan bezatiladi, ustidan loklanib badiiy buyumlar yaratiladi (q. Lokli miniatyura).

Magʻzi soxtadan buyumlar tayyorlash juda qadimdan Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Koreyada rivojlangan, keyinchalik Yevropada «papyemashe» nomi bilan keng tarqalgan. Oʻzbekiston hududida, jumladan, Samarqandda Magʻzi soxtadan ishlangan narsalarni lokli miniatyura bilan bezash, meʼmoriy bezaklarda qoʻllash 15-a. da keng tarqalgan (Amir Temur maqbarasining ichki qismi, Bibixonim masjidi va b.). Oʻzbekiston bezak sanʼ-atida bu sanʼat qayta tiklandi va rivojlanmoqda, uylar bezagida va har xil buyumlar tayyorlashda keng qoʻllanadi.