MASHHAD

MASHHAD — Eronning shim.sharqiy qismidagi shahar. Xuroson ostonining maʼmuriy markazi. Kashafrud daryosi vodiysida. Aholisi 1,9 mln. kishi (1998). Tehron — Mashhad t. y. ning oxirgi st-yasi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Mamlakat shim.-sharqiy qismining savdosanoat, siyosiy va madaniy markazi. Metallsozlik, yogʻochsozlik, toʻqimachilik (ip gazlama), koʻn-poyabzal, oziq-ovqat, kimyo sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Issiqlik elektr styasi, un-t bor. Hunarmandchilikda gilam toʻqiladi, uy-roʻzgʻor va zargarlik buyumlari tayyorlanadi.

Mashhad oʻrnida 9-a. da Sanobod qishlogʻi boʻlgan. Mashhad nomi dastlab arab geograflari asarlarida tilga olingan (10-a. da). Shahar 11—12-a. larda gʻaznaviylar va saljuqiylar qoʻl ostida boʻlgan. 13a. oxirida moʻgʻullar hujumi natijasida shaharning koʻp qismi buzilgan. 14-a. oxiridan Xurosonning eng yirik shaharlaridan biri. Temuriylar va Safaviylar hukmronligi davrida Mashhad ravnaqtopgan. 1736—47 y. larda Nodirshoh davlatining poytaxti. 1795-y. da Mashhadni qojarlar egallagan.

Mashhad — shialarning «muqaddas» shahri. Meʼmoriy yodgorliklaridan Imom Rizo maqbarasi (9-a.). Gavharshod begim masjidi (1405—18), Madrasa, karvonsaroylar saqlangan. Nodirshoh maqbarasi, Rizoshoh bemoristoni 20-a. da qurilgan. Shahar chekkasida fors shoiri A. Firdavsiyning qabri bor (qabr ustiga maqbara qurilgan).