MATCHONOV

MATCHONOV Rahimberdi (1909-Xorazm viloyati Xonqa tumani Madir qishlogʻi — 2000.18.2) — kulol, koshinkor usta. Ustazoda; otasi va uning shogirdi usta Eshimdan hunar oʻrgangan. Madir qishlogʻidagi kulollik ustaxonasi (1921 — 39), Xonqa tumani maishiy xizmat koʻrsatish ustaxonasi (1939—60), OʻzR Badiiy fondi (1960 — 78), «Usto» birlashmasi Xorazm viloyati boʻlimi (1978—99)da kulol. Xiva meʼmoriy yodgorliklarini taʼmirlash ishlarida (Paxlavon Mahmud maqbarasining koshinlarini tayyorlash va oʻrnatishda oʻrnak koʻrsatgan, 1957 va b.) koʻpgina binolarni koshinlar bilan bezashda faol qatnashgan. Xorazm anʼanaviy buyumlarini zangori ranglarda «olmagul», «kosagul», «qoʻchqor shoxi», «bodomguli» va b. oʻsimliksimon naqshlar bilan bezagan. Matchonov yaratgan kulollik buyumlari (bodiya, lagan, koʻza, shokosa va b.) xorijda namoyish qilinadi, Angliya, AQSH, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Malayziya, Turkiya, Rossiya va b. dunyo mamlakatlari muzeylarida saqlanadi. Koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Kamolidsin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureatu (1997).