MATANSAS

MATANSAS — Kubadagi shahar. Matansas provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 125 ming kishidan ziyod (1990-y. lar oxiri). Transport yoʻllari tuguni. Atlantika okeanining Matansas buxtasidagi port (chetga shakarqand chiqariladi). Kimyo (jumladan, oltin-gugurt kislotasi, oʻgʻitlar, sunʼiy tola i. ch.), tamaki, toʻqimachilik, koʻnpoyabzal, mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Arxeologiya muzeyi, shahar yaqinida Belyamar karst gʻori bor. Turizm rivojlangan. Shaharga 1693-y. da asos solingan.