MARV URUSHLARI

MARV URUSHLARI — Buxoro amiri Shohmurodning Marvni boʻysundirish uchun olib borgan urushlari (1786, 1788, 1790). 1786 i. Shohmurod Marv hokimi Bayramalixon ustiga bir necha bor qoʻshin joʻnatgan. Birinchi hujum vaqtida Bayramalixon oʻldirilib, shahar atrofi talontaroj qilingan. Oʻzaro tuzilgan bitimga koʻra, Bayramalixonning oʻgʻillaridan Muhammad Karimxon Marv hokimi etib tayinlangan. Ammo u tezda hokimiyatdan chetlatilib, oʻrniga akasi Xoja Muxammad Husayn oʻtqazilgan. 1788-y. Shohmurod yana Marvga yurish qilib, shahar va uning atrofini suv bilan taʼminlaydigan Murgʻob daryosidagi Sultonband toʻgʻonini (uni qoʻriqlab turgan qalʼa boshligʻining xoinligi tufayli) egallab, uni buzdirib tashlagan. Marv suvsiz qolgan, biroq u taslim boʻlmagan. Aholi oʻrtasida ochlik, qashshoqlik avjga chiqqan, natijada shahar boʻysunishga majbur boʻlgan. Shohmurod Marvga 5 ming kishilik qoʻshin kiritib, ularni shahar aholisi uylariga joylashtirgan. Marvning 15 ming (ayrim manbalarda 30 ming) aholisini Buxoro va Samarqand viloyatlariga koʻchirtirib kelgan. Marvni boshqarish Shohmurodning ukalari Umarbiy va Fozilbiylarga topshirilgan. Sultonband toʻgʻoni qayta tiklangan. Murgʻobning quyi oqimida Islomobod qalʼasi qurilgan. Biroq Marv yana Shohmurodga boʻysunishdan bosh tortgan. Shoh-murod 1790-y. yana Marvga qoʻshin tortib kelgan, lekin shaharni qoʻlga kirita olmagach, Sultonband toʻgʻonini buzdirib tashlab, shahar va uning atrofini yana suvdan mahrum qilgan. Marv vohasi choʻlbiyobonga aylangan. Shahar aholisi Umarbiyga qarshi isyon koʻtarib, shahar darvozasini Shohmurodga ochib bergan. Umarbiy ukasi Fozilbiy bilan Shahrisabzga qochgan. Marv hokimligi Shohmurodning oʻgʻli Din Nosirbiyga topshirilgan.