MAMBETOV

MAMBETOV Kamol (1940.14.05, Kegeyli tumani — 2001.10.9, Nukus) — Qoraqalpoq xalq yozuvchisi (1995). Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1990), filol. fanlari d-ri (1985), prof. (1990). ToshDUning filologiya f-ti jurnalistika boʻlimini tugatgan (1963). «Yerkin Karakalpakstan» gaz. da muharrir (1963—64), un-t qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi mudiri (1976—81), filol. f-ti dekani (1984— 86), un-t rektori (1986—88), kafedra mudiri (1988-y. dan), Qoraqal-pogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Ken-gesi ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat qoʻmitasi raisi (1995—96). Mambetovning «Turnalar» (1974) hikoyalar toʻplami, «Men uni sevaman» (1982) qissasi, «Vijdon» (1991), «Turkiston» (1994) romanlarida qoraqalpoq xalqi turmush tarzi, muammolari, quvonchu tashvishlari aks etgan. Mambetovning ilmiy faoliyati qoraqalpoq adabiyoti tarixi, shakllanish bosqichlari oʻzaro taʼsir va adabiy aloqalari masalalariga, shuningdek, adabiyot tarixi mu-ammolariga bagʻishlangan. Darslik va qoʻllanmalar yozgan («Qadimgi qoraqalpoq adabiyoti», 1991; «Adabiyot nazariyasi», 1995; Lotin grafikasi asosida qoraqalpoq adabiyoti, 2000). Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti laureati (1991).

Ac: XX asr qoraqalpoq adabiyotida sharq klassik anʼanalari, T., 1968; Navoiy va qoraqalpoq adabiyoti, T., 1991.