MAKROMOLEKULA

MAKROMOLEKULA (makro… va molekula) — oʻzaro kovalent bogʻlar orqali birikkan oʻn mingdan yuz minggacha atomlardan tuzilgan yirik molekula. M. zanjirida elementar zveno (maʼlum sondagi atomlar guruhi) juda koʻp marta takrorlanadi, shuning uchun ham uni kup sonli bir xil yoki har xil kichik molekulalardan (bir necha minggacha) hosil boʻladigan molekula deb kabul kilsa boʻladi, polivinil xlorid molekulasi tarkibidagi — SN2—SN — guruhi soni hatto 3000 ga yetishi mumkin. Kimyoviy tarkibi bir xil, ammo mol. m. har xil, yaxlit boʻlib reaksiyaga kirishadigan Makromolekulalar yigʻindisidan tashkil topgan moddalarga yuqori molekulali birikmalar (polimerlar) deyiladi; ular tabiiy (polisaxaridlar, polipeptidlar, tabiiy kauchuk) va sintetik (plastmassalar, elastomerlar, kimyoviy tolalar) turlarga boʻlinadi. Tashqi sharoit oʻzgarganda, polimerlar tarkibidagi molekulyar zanjirlarning oʻz konfiguratsiyalarini oʻzgartira olishi Makromolekula larning asosiy xossalaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda barcha Makromolekulalar chiziqli (uzunchoq) egiluvchan (tabiiy kauchuk, kauchuksimon sintetik moddalar Makromolekula lari), chiziqli qattiq (sellyuloza M. lari), spiralsimon (oqsillar, nuklein kislotalar makromolekulalari), tarmoqlangan (polisaxaridlar makromolekulalari), fazoviy (uch oʻlchamli) turlarga boʻlinadi. Makromolekulaning uz. 4000 — 8000 A, koʻndalang kesimi 3—7,5 A. Karbozanjirli (zanjiri faqat uglerod atomlaridan tuzilgan) va geterozanjirli (zanjirida uglerod atomlaridan tashqari azot, kislorod, oltingugurt atomlari saqlagan) Makromolekula boʻladi. Zanjirning tuzilishi, kattaligi (mol. m.) va zvenolarining joylanish tartibi, uning xossalariga (egiluvchanligi, bogʻlarining mustahkamligi, elektr oʻtkazuvchanligi, kimyoviy reaksiyaga kirishiga) taʼsir koʻrsatadi. Makromolekula larning bu xossalaridan ular asosida plastmassa, sintetik kauchuk, sunʼiy tola kabi materiallar olishda foydalaniladi.