MADREIMOV Poʻlat Shamshetovich

MADREIMOV Poʻlat Shamshetovich (1942.15.1, Qoraqalpogʻiston, Chimboy sh.) — baletmeyster. Oʻzbekiston xalq artisti (1977). Toshkent xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1965). 1965 — 70 y. lar Qoraqalpoq teatrida baletmeyster, 1970—74 y. lar Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida, ayni vaqtda 1970-y. dan «Oyqulash» ashula va raqs ansamblida badiiy rahbar. Raqslarida qoraqalpoq xalqining hayoti va urf-odatlari, tarixini xalq oʻyinlari va marosimlaridan olingan milliy harakatlar orqali ifodalashga intiladi. Sahnalashtirilgan eng yaxshi raqslari: «Oʻtov», «Lolalar raqsi», «Orol yigitlari», «Mehnat zavqi», «Oʻynasin», «Oyqulash», «Jilva», «Nozli qiz», «Chavandozlar», «Yoshlar sayli», «Uchrashuv» va b. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1974). «Mehnat shuhrati» ordeni b-n mukofotlangan (2000).