MADOHIL

MADOHIL (arab. — ostona, eshik) — chapu rost takrorlanuvchi lolasimon shakldagi islimiy naqsh turi; naqsh mujassamotida boshlangʻich (chiqish) nuqta vazifasini oʻtaydi. 9—13-a. lardan rivoj topgan. Madohil koʻrinishi jihatidan xilma-xil (gʻuncha, lola, gul, uchbarg va b.) shakllardan iborat. Meʼmorlik va amaliy sanʼatning deyarli barcha sohalarida keng tarqalgan. Xalq ustalari asosiy shakl orasiga turli xil gullar kiritib, Madohilning goʻzal namunalarini yaratganlar: lola M. (gʻuncha, lola shakliga yaqin qilib ishlangan), qoʻsh M. zanjira (lola, gʻuncha shaklidagi Madohil biri yuqoriga, biri pastga qaratib ishlangan), islimiy Madohil (naqsh taqsimining asosini Madohil shakli egallagan islimiy naqsh turi) va b.