MADINA

MADINA (arab, nomi — Madinat Rasulilloh yoki Madinat un-Nabi — paygʻambar shahri) — Saudiya Arabistonidagi shahar, mamlakatning gʻarbiy qismida, Hijoz viloyatida, Qizil dengizdan 250 km sharqdagi vohada joylashgan. Aholisi 750 ming kishiga yaqin (2002). Shaharga asos solingan vaqt maʼlum emas. Shahar Madinai-Munavvara — Nurafshon shahar, al-Islom, Qalb al-Islom, Dor al-Islom, Dor as-Sunna kabi 95 dan ortiq nom bilan ulugʻlanadi. Qadimda Yasrib (Yatrib) deb atalgan. Ptolemey oʻz «Geografiya»sida bu shaharni «Yatrippa», vizantiyalik Stefan esa «Yatrippa polis» deb bergan. Yasrib nomi bilan u Qurʼoni karimda ham qayd qilinadi. 622-y. da Yasribga Muhammad paygʻambar boshchiligida musulmonlar koʻchib oʻtdi. Madinada musulmon davlatchiligiga asos solindi va u birinchi poytaxt sifatida eʼtirof etildi. 7-a. dan boshlab Madina musulmonlarning Makkayaan keyingi eng katta ziyoratgohi. 632—661-y. lar Madina — Roshidiyn xalifalar davlati deb nom olgan mamlakatning poytaxti. Umaviylar va Abbosiylar davrida Hijozning maʼmuriy markazi. 10-a. dan Misrga tobe boʻlgan. Misr turklar tasarrufiga oʻtgach (1517), Usmonli turk saltanati, keyinroq Hijoz podsholigiga (1919) qoʻshib olingan. 1927-y. M. ni Ibn Saʼud qoʻshinlari zabt etdi, 1932-y. dan Saudiya Arabistoni tarkibida.

Asrlar davomida Madina oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda. Qurʼoni karimning eng katta suralari (Baqara, Oli-Imron, Niso, Moida va b.) M. da nozil boʻlgan. Shaharda Podshoh Fahdning Qurʼon chop etiladigan maxsus bosmaxona majmuasi bor. M. markazida Muhammad paygʻambar uyi oʻrniga Katta Masjid (656) qurilgan. Shahardagi suv minorasi diqqatga sazovor joy. Minoraning yuqori qismidagi maydondan shaharning aksariyat qismi koʻrinib turadi.

Madina aholisi, asosan, ziyoratchilarga xizmat qilish, ibodat uchun zarur buyumlar (tasbeh, joynamoz, maxsus kiyimlar) i. ch. bilan shugʻullanadi, shahar chetida dehqonchilik va bogʻdorchilik mahsulotlari (xurmo va sabzavot) yetishtiriladi. Madinada oʻquv muassasalaridan kollejlar, Madrasa va bilim yurtlari, Islom un-ti (1961) bor.

Madina atrofida uchta aylanma yoʻl qurilgan, eng zamonaviy aloqa vositalari mavjud. Shahar avtomobil yoʻllari orqali Makka, Najaf (Iroq), Ammon (Iordaniya), Yanbo va Jidda sh. lari bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dengiz suvini chuchuklashtirib beruvchi inshoot qurilgan.

Ad.: Hasanov A. A., Makka va Madina tarixi, T., 1992; Inogʻomov S. R., Saudiya Arabistoni podshohligi, T., 1998.

Ahadjon Hasanov.