MADDOHLIK

MADDOHLIK (arab, madh — maqtov, taʼrif) — 1) musulmon xalqlarida tarqalgan anʼanaviy aytim yoʻllaridan. Mavzu jihatidan asosan Muhammad (sav), Hazrati Alining hayoti, koʻrgankechirganlari, yurish-turish va feʼlatvorlari haqida badiha tarzida yaratilgan diniy bayt, gʻazal, hikoyatlardan iborat boʻlgan. Maddohlik yoʻllarini 2 — 3 kishidan iborat maddohlar guruhi bayram sayillar (Ramazon hayit va b. kunlari) da, bozor maydonlarida keng xalq ommasini jalb etib ijro etishgan. Aruz vaznlarida bitilgan sheʼrlarni, odatda, baland pardalarda, musiqa cholgʻu asboblari joʻrisiz, muayyan rivojlanish qoidalariga asoslangan nutqdosh (rechitativ) ohanglarda ravon va ifodali (qiroat b-n) oʻqish — M. ning asosiy musiqiy xislatlaridandir. Maddohlik yoʻllari butun Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan diniy aytim yoʻllardan boʻlib, uning, ayniqsa, Buxoro sh. va uning atrofi (mas, Gʻijduvon) ijrochilik maktablari mashhur boʻlgan (Buxoroda 20-a. ning 1-choragida ham «Maddoh» mahallasi boʻlgan). Maddohlik yoʻllari Oʻzbekistonda 1950-y. largacha saqlanib qolgan;

2) biror shaxsni, gʻoya, mafkura, tartibotni oʻrinsiz tarzda oʻta maqtash.

Olimjon Bekov.