MADANIYAT

MADANIYAT — jamiyat, inson ijodiy kuch va qobiliyatlari tarixiy taraqqiyotining muayyan darajasi. Kishilar hayoti va faoliyatining turli koʻrinishlarida, shuningdek, ular yaratadigan moddiy va maʼnaviy boyliklarda ifodalanadi. «Madaniyat» tushunchasi muayyan tarixiy davr (antik Madaniyat), konkret jamiyat, elat va millat (oʻzbek Madaniyati), shuningdek, inson faoliyati yoki turmushining oʻziga xos sohalari (mas, mehnat M. i, badiiy Madaniyat, turmush Madaniyati)ni izoxlash uchun qoʻllaniladi. Tor maʼnoda «Madaniyat» atamasi kishilarning faqat maʼnaviy hayoti sohasiga nisbatan ishlatiladi.

«Madaniyat» arabcha madina (shahar) soʻzidan kelib chiqqan. Arablar kishilar hayotini ikki turga: birini badaviy yoki sahroiy turmush; ikkinchisini madaniy turmush deb ataganlar. Badaviylik — koʻchmanchi holda dashtu sahrolarda yashovchi xalqlarga, madaniylik — shaharda oʻtroq holda yashab, oʻziga xos turmush tarziga ega boʻlgan xalqlarga nisbatan ishlatilgan.

Oʻrta asr madaniyatining buyuk namoyandalari Abu Ali ibn Sino, Beruniy va b. shahar turmush tarzini jamoaning yetuklik shakli sifatida talqin qilganlar. Mac, Forobiy fikricha, har bir inson oʻz tabiatiga koʻra, «oliy darajadagi yetuklikka erishish uchun intiladi», bunday yetuklikka faqat shahar jamoasi orqaligina erishiladi. Uning taʼkidlashicha, «madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday boʻladiki, bu mamlakatda har bir odam kasb-xunarda ozod, hamma babbaravardir, kishilar oʻrtasida farq boʻlmaydi, har kim oʻzi istagan yoki tanlagan kasb-hunar b-n shugʻullanadi. Odamlar chin maʼnosi bilan ozod yashaydilar». Alisher Navoiy yetuk axloq, maʼrifatli va adolatli jamiyat, jamoa masalasini qayd etish bilan birga, maʼnaviy yuksaklikka erishishning asosiy mezoni deb insonparvarlik gʻoyalariga muvofiqlikni tushundi.

19-asrning ikkinchi yarmida maydonga kelgan demokratikmaʼrifatparvarlik harakatining namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Ahmad Donish, Avaz Oʻtar, Komil Xorazmiy va b. xalqni Madaniyat li qilishning omili ilmmaʼrifatni egallashda deb bildilar. Ular oʻrta asr jaholatiga qarshi xalq oʻrtasida ilmmaorif va Madaniyatni zoʻr ehtiros bilan targʻib qildilar. Mas, Furqat fikricha, ilmfan bir mashʼ-al boʻlib, insoniyatning baxt-saodat yoʻlini yoritib turishi kerak.

19-a. ning oxiri va 20-a. ning boshida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakati namoyandalari, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va b. oʻzlarining maʼrifatparvarlik ishlari b-n M. rivojiga muhim hissa qoʻshdilar. Ular turli gaz. va jur. lar chiqardilar, nashriyot va bosmaxonalar tashkil etdilar, kutubxonalar, teatrlar, yangicha maktablar ochdilar, oʻtmish madaniyatimizni, tariximizni targʻib qildilar, dunyoviy bilimlarni chuqur egallashga daʼvat etdilar. Maʼrifatchilikning keng quloch yoyishi samarasi oʻlaroq, xalqning umummadaniyati yuksala bordi.

Yevropada «Madaniyat» deyilganda dastlab insonning tabiatga koʻrsatadigan maqsadga muvofiq taʼsiri, shuningdek, insonga taʼlimtarbiya berish tushunilgan (lot. cultura — yerni ishlash, parvarishlash; ruschadagi «kultura» soʻzi ham shundan olingan). Madaniyat faqat mavjud norma va urf-odatlarga rioya qilish qobiliyatini rivojlantirishni emas, balki ularga rioya qilish istagini ragʻbatlantirishni ham oʻz ichiga olgan. Madaniyatga bunday ikki yoqlama yondashuv har qanday jamiyatga xos (mas, Qad. Xitoyda jen, Hindistonda dxarma). Ellinlar «madaniyatsiz» varvarlardan oʻzlarining asosiy farqini «paydey», yaʼni «tarbiyalanganlik»da deb bilganlar. Qad. Rimning soʻnggi davrlarida «Madaniyat» tushunchasi ijtimoiy hayotning shahar turmush tarzini ifodalovchi mazmunlar bilan ham boyigan va oʻrta asrlarga kelib keng tarqalgan. Bu tushuncha keyinchalik kelib chiqqan sivilizatsiya tushunchasiga yaqin turadi.

Yevropada Maʼrifatchilik davrida Madaniyat va sivilizatsiyaning «tanqidi» vujudga keldi (J. J. Russo). Bunda «madaniy» millatlarning buzilganligi va axloqiy tubanlashganligiga taraqqiyotning patriarxal bosqichida boʻlgan xalqlar axloqining soddaligi va sofligi qarshi qoʻyildi. Nemis faylasuflari bu ziddiyatli holatdan chiqishning yoʻlini «ruh» doirasidan, axloqiy (I. Kant), estetik (F. Shiller, romantiklar) yoki falsafiy (G. Gegel) ong doirasidan qidirdilar. Ular bu ong sohalarini haqiqiy Madaniyat va inson taraqqiyotining omillari deb bildilar. 19-a. oxiridan boshlab «lokal sivilizatsiya» (O. Shpengler) degan qarash yuzaga keldi. Bu gʻoya sivilizatsiyani muayyan jamiyat taraqqiyotining soʻnggi bosqichi sifatida olib qaradi.

Fan-texnika taraqqiy topgan sharo-itda koʻpgina sotsiologlar va madaniyatshunoslar Madaniyatning yagona gʻoyasini izchil amalga oshirish mumkin emas, degan qoidani ilgari surdilar. Bu politsentrizm, Gʻarb bilan Sharqning azaldan qarama-qarshiligi va ijtimoiy taraqqiyotning boshqa umumiy qonuniyatlarini inkor etuvchi nazariyalarida oʻz ifodasini topdi.

Madaniyatning ilmiy, tarixiy konsepsiyalariga qarama-qarshi oʻlaroq, marksistik nazariya ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar haqidagi, ishlab chiqaruvchi kuchlar b-n ishlab chiqarish munosabatlarining oʻzaro munosabati haqidagi qoidalardan kelib chiqib, antagonistik jamiyatlarda Madaniyatning sinfiy xarakteri haqidagi qoidalarni ilgari surdi. Antagonistik formatsiyalarda har bir milliy Madaniyatda ikki Madaniyat borligi haqidagi lenincha qarash «hukmron ekspluatatorlik» M. iga «progressiv demokratik» va «sotsialistik» M. elementlarini qarama-qarshi qoʻydi. Ana shu qoidadan kelib chiqib, mustabid sovet tuzumi davrida amalga oshirilgan «madaniy inqilob» natijasida koʻpgina xalqlar Madaniyat ining ajoyib durdonalari yoʻq qilinib, madaniy merosning milliy ildizlari barbod etildi.

Madaniyat — umuminsoniy hodisa, faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning oʻzigina yaratgan sof Madaniyat boʻlmaydi va boʻlishi ham mumkin emas. Har bir milliy Madaniyatning asosiy qismini shu millat oʻzi yaratgan boʻlsada, unda ja-hon xalqlari yaratgan umuminsoniy Madaniyatning ulushi va taʼsiri boʻladi, albatta. Madaniyat hech qachon sinfiy hodisa boʻla olmaydi. U barchaga baravar xizmat qiladi. Mas, sanʼat va adabiyot durdonalari, meʼmorlik obidalari, maqomlar, fan yutuqlari va b. barchaga tegishlidir.

Madaniyat kishilar faoliyatining faqat moddiy natijalari (mashinalar, texnik inshootlar, sanʼat asarlari, huquq, axloq normalari va h. k.)ni emas, shu bilan birga, kishilarning mehnat jarayonida voqe boʻladigan subyektiv kuch-quvvatlari va qobiliyatlari (bilim va koʻnikmalari, i. ch. va professional malakalari, intellektual, estetik va axloqiy kamoloti, dunyoqarashi, ularning jamoa va jamiyat doirasidagi oʻzaro muomalalari)ni ham oʻz ichiga oladi.

I. ch. ning 2 asosiy turi — moddiy va maʼnaviy i. ch. ga qarab Madaniyat moddiy va maʼnaviy Madaniyatga boʻlinadi. Moddiy Madaniyat moddiy faoliyatning barcha sohalarini hamda uning natijalari (mehnat qurollari, turar joy, kundalik turmush buyumlari, kiyim-kechak, transport, aloqa vositalari va b.)ni oʻz ichiga oladi. Maʼnaviy madaniyatga ong, maʼnaviyat sohalari kiradi (bilim, axloq, taʼlimtarbiya, huquq, falsafa, etika, estetika, fan, sanʼat, adabiyot, mifologiya, din va b.).

Har bir jamiyat oʻz Madaniyat tipiga ega. Jamiyatlarning almashinishi bilan Madaniyat tipi ham oʻzgaradi, biroq bu hol M. taraqqiyoti uzilib qolganini, eski Madaniyat yoʻq boʻlib madaniy meros, oʻtmish qadriyatlardan voz kechilganini anglatmaydi. Zotan, har bir yangi jamiyat oʻzidan ilgarigi jamiyatning madaniy yutuklarini zaruriy ravishda meros qilib oladi va ularni ijtimoiy munosabatlarning yangi tizimiga kiritadi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida boʻlganidek, Madaniyat sohasida ham tub oʻzgarishlar yuz berdi. Shaklan ham, mazmunan ham Madaniyatning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Oʻzbekistonning mustaqil rivojlanishga utishi milliy Madaniyatga sinfiy yondashishdan, uni sunʼiy tarzda «yagona umummadaniyat»ga aylanishdan saqlab qoldi. Shuni ham taʼkidlash lozimki, mustaqillikkacha boʻlgan soʻnggi yetmish yil davomida Madaniyat hukmron mafkura, mustabid tuzum tazyiqida Gʻarb Madaniyat iga taqlid ruhida rivojlandi. Ikkinchidan, milliy Madaniyatning boy oʻtmishi bir yoklama oʻrganilib, uning koʻpgina bebaho durdonalaridan xalqimiz bebahra boʻlib keldi. Oʻzbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida jamiyatni yangilash sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda Madaniyatni yuksaltirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Xalqimizning maʼnaviy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimiz, urfodatlarimizni, tarixiy, ilmiy, madaniy merosimizni tiklash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. «Davlat tili toʻgʻrisida»gi (1989-y. 21 okt.) qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy da-sturi» (1997-y. 29 avg.)ning qabul qilinishi, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi (1997-y.), Oʻzbekiston davlat kon-servatoriyasi (2002-y.), Oʻzbek milliy akademik drama teatri (2002-y.), estrada musiqasini rivojlantirish toʻgʻrisidagi va b. bir qancha qaror va farmonlarning qabul qilinishi, bir qancha mutafakkir va allomalarimizning muqaddas nomlari tiklanib, yubileylari xalqaro miqyosda keng ni-shonlanayotgani davlatimiz tomonidan Madaniyatni rivojlantirishga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaliy ifodasidir.

Ad.: Karimov I. A., Oʻzbekiston: milliy istiklol, iqtisod, siyosat, mafkura, 1-j., T., 1996; Maʼnaviy yuksalish yoʻlida, T.,1998; Xayrullayev M. M., Shorahmedov D. A., Madaniyat va meros. T., 1973.

Davron Shorahmedov.