MADANIY-MAʼRIFAT ISHI

MADANIY-MAʼRIFAT ISHI — keng ommani madaniy va maʼrifiy tarbiyalash, ularning umumiy madaniy saviyasini oshirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, boʻsh vaqtlarini koʻngilli oʻtkazishga koʻmak beruvchi tadbirlar tizimi. M.-m. i. mazmuni, vazifasi, maqsadi har bir davrning ijtimoiy, siyosiy, madaniy-maʼrifiy, gʻoyaviy xususiyatlariga bogʻliq, holda shakllanib rivojlanadi. M.-m. i. keng maʼnoda oʻquv muassasalaridan tashqarida insonning madaniy va maʼnaviy oʻsishiga koʻmaklashuvchi barcha ishlar (klub tashkilotlari, ommaviy kutubxonalar, madaniyat va istirohat bogʻlari faoliyati)ni qamrab oladi, muzey, kinoteatr, teatr va b. muassasalar ishlari, shuningdek, radio va televideniye muhim oʻrin tutadi. M.m. i. muassasalarining keng tarmoqlari yaratilib, ularning usishi va takomillasha borishi bilan unga rahbarlik jarayoni ham oʻzgarib boradi. Dunyoqarashni shakllantirish tarbiyasi, axloqiy tarbiya, iqtisodiy bilimlarning ilmiy texnikaviy tashvikrt va targʻiboti, estetik va jismoniy tarbiya, badiiy havaskorlik, madaniy dam olishni tashkil qilish kabilar M.-m. i. faoliyatining turli yunalishlaridir.

M.-m. i. shakllari muntazam rivojlanadi va takomillashib boradi: klub muassasalarida anʼanaviy shakllar (suhbat, maʼruza, voizxonlik, spektakl, konsertlar) bilan birga mavzuli kechalar, kitobxonlar konferensiyalari va b. tadbirlar uyushtiriladi, xalq un-tlari, kinolektoriylar va b. tashkil qilinadi. Bunda badiiy havaskorlik muhim oʻrin tutadi, xalq teatrlari, yoshlar tashkiloti va b. jamoat tashkilotlari (yozuvchilar, kompozitorlar, rassomlar, kinematografchilar, xor jamiyatlari, tarixiy va madaniy yodgorliklarni himoya qilish va sh. k. tashkilotlar) katta M.-m. i. ni amalga oshiradi.

M.-m. i. boʻyicha mutaxassislar madaniyat in-tlari, oliy kasaba uyushmasi maktablari, madaniy-maʼrifiy kutubxonachilik oʻquv yurtlarida tayyorlanadi.

Oʻzbekiston hududida hoz. mazmundagi M.-m. i. 20-a. 20-y. laridan, yaʼni ideologik faoliyatning mustaqil sohasi sifatida vujudga kelishi va rivojlanishi bilan bogʻliq holda boshlangan: davr xususiyatidan kelib chiqqan holda madaniy-maʼrifiy muassasalarning faoliyati umumtaʼlimiy vazifalarni, fan, sanʼat va axloqni takomillashtirish, kasbiy taʼlimni yoʻlga qoʻyish, milliy madaniyatni rivojlantirishga qaratildi. Dastlab M.-m. i. olib borishning tayanch shoxobchasi sifatida choyxonalar, keyinchalik klublar tashkil etila boshlandi (1918-y. da dastlabki ishchi klubi va 1924-y. da birinchi xotinqizlar klubi Toshkent sh. da ochilgan); klublarda targʻibottashviqot ishlari, savodsizlikni tugatish borasidagi ishlar, milliy bayramlarni oʻtkazish boʻyicha ishlar olib borilgan. Kutubxonalar, sayyor truppalar, Koʻchma konsert va kinoseanslar, karnaval tomoshalari, kechalar va b. tashkil etilgan. 1914-y. da Toshkentda «Turon» teatr truppasi tuzilgan, 1918-y. dan Mannon Majidov (Uygʻur) bu truppaga rahbarlik qilgan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng M.-m. i. ning yangi takomillashgan tizimi shakllandi. Bunda Oʻzbekiston muzeylari, madaniyat uylari va saroylari, kutubxonalar, madaniyat va istirohat bogʻlari ommaviy muassasalar boʻlib, ular millionlab aholi uchun madaniy xizmat koʻrsatadi. Respublika «Maʼnaviyat va maʼrifat markazi» (1994) tashkil etildi va uning vilo-yatlar, tumanlar va shaharlardagi boʻlimlari ishga tushirildi. Markazga Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi rahbarlik qiladi. M.-m. i. ni yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish borasida bir qator choratadbirlar amalga oshirildi. Respublikaning barcha viloyatlari, yirik shaharlari va tumanlarida ish olib borayotgan madaniy-maʼrifiy muassasalar ishtirokida katta xalq sayillari, hosil bayramlari, «Mustaqillik», «Navroʻz», «Mehrjon» bayramlari, «Sharq taronalari» xalqaro festivali, xonandalar, raqqosalar, eng yaxshi kasb ustalarining koʻrik tanlovlari, «Oʻzbekiston Vatanim manim» qoʻshiq konkursi va b. koʻrik tanlovlar oʻtkazilmoqda.

Hoz. kunda barcha M.-m. i. ning yoʻnalishi har bir kishiga milliy istiqlol gʻoyasini, milliy mafkurani singdirish, barkamol insonni voyaga yetkazish, vatanarvarlik, mehr-oqibat, imonu eʼtiqodni tarbiyalashga qaratilgan.

Zuhra Berdiyeva.